Japarov iyun voqealari qirg‘iz xalqi uchun katta saboq bo‘lganini tan oldi
Olam
−
11 iyun 2021
5281Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov iyun voqealariga 11 yil to‘lishi munosabati bilan xalqqa murojaat qildi.
“Shu kunlarda 2010 yil iyun oyida yuz bergan fojiali voqealarga 11 yil to‘lmoqda. Bugun biz qurbonlarga xotirasiga hurmat bajo keltiramiz va ushbu fojia paytida daraksiz ketganlarni yodga olamiz.
Ikki qardosh xalqlar o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqadigan bunday fojia boshqa hech qachon bo‘lmaydi, deb umid qilamiz. Umumiy bag‘rikenglikni rag‘batlantirgan, og‘ir kunlarda jabrlanganlarga yordam qo‘lini cho‘zgan dono va saxovatli xalqimizga alohida minnatdorchiligimni bildiraman, shuningdek, xalqaro hamjamiyatga ko‘rsatilayotgan qo‘llab-quvvatlash uchun yana bir bor o‘z minnatdorchiligimni bildiraman”, deydi Sadir Japarov.
2010 yilning iyun oyi Qirg‘izistonning janubi. Mahalliy qirg‘izlar va o‘zbeklar o‘rtasida etnik mojaro chiqdi. “O‘sh voqealari” nomi bilan tarixga kirgan ushbu nizo oqibatida 500 ga yaqin inson halok bo‘ldi. Jarohatlanganlar soni mingdan, qo‘shni O‘zbekistonga qochib o‘tganlar soni esa yuz mingdan oshdi. Bundan tashqari 3,5 mingdan ortiq ko‘chmas mulk vayron qilindi. Shundan atiga 275 tasi davlatga tegishli, qolgan katta qismi esa mahalliy aholining boshpanasi edi. Ushbu statistika voqeaning ko‘lamidan dalolat: yongan uylar, qonga belangan qo‘llar, yaqinlaridan ayrilgan insonlar.
Prezident xalqqa murojaatida davom etarkan, 11 yil avval ro‘y bergan voqealar qirg‘iz xalqi uchun saboq bo‘lganini urg‘ulaydi.
“Iyun voqealari barchamiz uchun katta saboq bo‘ldi. Ushbu fojiali sinov ajdodlarimizdan meros qolgan sevimli Qirg‘izistonimizning kelajagi yo‘lida xalqning birligi va birdamligini mustahkamlash zarurligini tasdiqladi.
Dono xalqimiz "Baxtning garovi do‘stlikda" deydi. Biz bir xalq, bir mamlakat sifatida birligimizni mustahkamlab, kelajakka e’tibor qaratishimiz kerak. O‘zaro hurmat, o‘zaro yordam va o‘zaro ishonch tufayli biz katta yutuqlarga erishmoqdamiz. Bizning kuchimiz birlikda!”, deydi Japarov.
Prezident murojaatida xalqlar o‘rtasidagi totuvlikka alohida e’tibor qaratadi:
“O‘sh va Jalolobod viloyatlari ko‘p millatli mintaqalardir. Etnik xilma-xillik bizning boyligimizdir. Bugungi kunda ushbu hududlarda 80 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Har bir etnik guruh o‘z madaniyati, tili va urf-odatlarini saqlab qolish bilan birga Qirg‘izistonimiz taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shadi.
Biz do‘stona, mehnatsevar va mehmondo‘st odamlar bilan ochiq mamlakatmiz. O‘z taraqqiyotimizda biz mintaqadagi qo‘shnilar bilan do‘stlikni, dunyoning barcha davlatlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga intilamiz.
Iyun voqealarida halok bo‘lganlarning yorqin xotirasi qalbimizda abadiy saqlanib qoladi. Butun olam tinch bo‘lsin!”