Japarov Erdo‘g‘anga Tojikistonning tajovuzidan hasrat qildi

Olam

image

Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tayotgan BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasi doirasida Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an bilan uchrashdi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbari Matbuot xizmati xabar bermoqda. 

Davlat rahbarlari Qirg‘iziston-Turkiya ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini hamda o‘zaro hamkorlikning boshqa dolzarb masalalarini muhokama qilgan. 

Bundan tashqari, yaqinda qirg‘iz-tojik davlat chegarasida sodir bo‘lgan fojiali voqealar yuzasidan fikr almashilgan. 

Prezident Sadir Japarov Tojikiston tomoni o‘z qo‘shinlarini Qirg‘iziston chegarasiga oldindan olib chiqib ketganini, o‘zining qurolli kuchlari va og‘ir harbiy texnikasidan foydalangan holda Qirg‘iziston hududidagi chegara va fuqarolik ob’ektlari va aholi punktlariga hujum qilganini ta’kidlagan. Shu bilan birga, u janglar Qirg‘iziston hududida bo‘lganini urg‘ulagan. 

Sadir Japarov tojik tomoni yaratgan vaziyat tinch aholi o‘rtasida tuzatib bo‘lmas talofotlarga, harbiy xizmatchilar orasida yo‘qotishlarga, harbiy va fuqarolik infratuzilmasiga jiddiy zarar yetkazganiga e’tibor qaratgan. 

Rajab Toyib Erdo‘g‘an Sadir Japarovga chuqur hamdardlik bildirgan va jarohatlanganlarning tezroq sog‘ayib ketishini tilagan. 

Davlat rahbarlari o‘zaro manfaatli barcha sohalarda faol hamkorlikni davom ettirishga kelishib olgan.

Eslatib o‘tamiz, Japarov kecha, 20 sentyabr kuni BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida qilgan nutqida chegaradagi to‘qnashuvni Tojikiston tomoni boshlagini va Rahmon xalqaro kelishuvlar va shartnomalarga qaramay tajovuzkor harakatlarni davom ettirayotganini aytgan edi. 

Qirg‘iziston va Tojikiston chegarasida mojaro

Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi chegaradagi vaziyat 14 sentyabr kuni Botken viloyatidagi uchta uchastkada chegarachilar o‘rtasida otishma boshlanganidan keyin keskinlashdi. Tomonlar bir necha bor o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishib olganiga qaramay, kelishuvlar har safar muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

Qirg‘iziston rasmiylari Tojikistonni chegaraga og‘ir harbiy texnikani tortib kelishda va Qirg‘iziston hududini o‘qqa tutishda “barcha mavjud arsenaldan” foydalanganlikda aybladi. Mamlakat Favqulodda vaziyatlar vazirligi to‘qnashuv zonasidan 136 ming kishi evakuatsiya qilingani, Botken viloyatida favqulodda holat rejimi joriy etilganini haqida ma’lum qildi. 

Ayni paytda Tojikiston qirg‘iz kuchlarini Tojikiston chegarasidagi qator aholi punktlarini “og‘ir qurollardan” o‘qqa tutishda aybladi. Hozirda ikki davlat o‘t ochishni to‘xtatish va qo‘shinlarni chegara hududidan olib chiqish bo‘yicha kelishuvlarga amal qilmoqda.

Ikki davlat chegarasida 70 ga yaqin bahsli uchastkada belgi qo‘yilmagani sababli muntazam ravishda mojarolar chiqib turadi. Umuman olganda, 2022 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, mamlakat chegaralarining 972 kilometridan 600 kilometrga yaqini kelishilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rajab Toyib Erdo'g'an Sadir Japarov

Baholaganlar

23

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing