Japarov ham Shavkat Mirziyoyevni qutladi
Jamiyat
−
24 iyul 1196 3 daqiqa
Bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali muloqoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston yetakchisining matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, Qirg‘iziston yetakchisi davlat rahbarini tavallud kuni munosabati bilan samimiy qutlab, unga chin dildan mustahkam sog‘liq, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, qardosh O‘zbekiston xalqiga esa tinchlik va ravnaq tilagan.
Sadir Japarov O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarni hamda Shavkat Mirziyoyevning ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuksak baholagan.
Barcha yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlik sur’ati tobora ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan. O‘zaro savdo hajmi jadal o‘smoqda, sanoat kooperatsiyasi loyihalari, jumladan, ishga tushirilgan Qo‘shma jamg‘arma doirasida amalga oshirilmoqda. Yirik mintaqaviy infratuzilma loyihalari bo‘yicha amaliy ishlar davom ettirilmoqda.
Bo‘lajak oliy darajadagi sammit kun tartibini, avvalo, savdo-iqtisodiy sohada puxta tayyorlash muhimligi ta’kidlangan.
Ma’lumot uchun, bugun, 24 iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 69 yoshga to‘ldi.
Shavkat Miromonovich Mirziyoyev 1957 yil 24 iyulda Jizzax viloyatining Zomin tumanida shifokor oilasida tug‘ilgan. Millati – o‘zbek. Oliy ma’lumotli, 1981 yili Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutini tugatgan. Muhandis-mexanik mutaxassisligiga ega. Texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Mehnat faoliyatini 1981 yilda Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida boshlab, kichik ilmiy xodim, katta o‘qituvchi, dotsent, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor lavozimlarida ishladi.
1990 yili Respublika Oliy Soveti deputatligiga saylanib, ayni vaqtda Mandat komissiyasining raisi sifatida ham faoliyat ko‘rsatgan.
1992 yilda Toshkent shahrining Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi lavozimiga tayinlangan. 1996-2001 yillarda Jizzax viloyati hokimi, 2001-2003 yillar mobaynida Samarqand viloyati hokimi lavozimlarida ishlab, mazkur tuman va viloyatlarni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishga katta hissa qo‘shgan.
Ijro hokimiyatidagi faoliyati bilan bir paytda 1995-2003 yillarda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati sifatida ham mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda demokratik islohotlarni amalga oshirish borasidagi muhim qonun hujjatlarini ishlab chiqish va qabul qilish jarayonida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.
Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri etib tasdiqlangan va ushbu lavozimga yana uch marta – 2005, 2010, 2015 yillarda Oliy Majlis palatalari tomonidan qayta tasdiqlangan.
U 2016, 2021 va 2023 yillarda bo‘lib o‘tgan prezident saylovlarida g‘alaba qozonib, O‘zbekiston Prezidenti etib saylangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev va Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev O‘zbekiston rahbarini tavallud kuni bilan samimiy tabriklagan edi.
Live
Barchasi