Janjal va ur-yiqitga sabab bo‘lgan So‘xdagi Chashma muammosi hal etiladigan bo‘lyapti

Jamiyat

image

Qirg‘iz va o‘zbekiston fuqarolarining yoqalashishiga sabab bo‘lgan Chashma bulog‘i bo‘yicha O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasida Hukumatlararo Bitim tuzishga kelishib olindi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov bugun, 14 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ma’lum qildi. 

Yig‘ilishda O‘zbekiston-Qirg‘iziston chegarasidagi so‘nggi o‘zgarishlar, xususan, Bosh vazir Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev tomonidan imzolangan shartnoma masalasi muhokama qilindi.

Majlisda deputatlar “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasining alohida uchastkalari to‘g‘risidagi Shartnomani (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi hamda “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida Andijon (Kampirobod) suv omborining suv resurslarini birgalikda boshqarish to‘g‘risidagi Bitimni (Bishkek, 2022 yil 3 noyabr) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun loyihalarini ko‘rib chiqdi.

Bosh vazir Abdulla Aripovga ko‘ra, demarkatsiya jarayonida tartibga solinishi talab etilayotgan 10 ta uchastka bo‘yicha Qirg‘iziston tomonidan olinayotgan 429 gektar yer maydoni o‘rniga vodiy viloyatlari hududidan 294 gektar maydonni almashishga kelishib olingan. 

Shuningdek, Hukumat raisi So‘x tumanidagi buloq bo‘yicha rejalashtirilayotgan Bitimga ham to‘xtaldi. 

“Farg‘ona viloyatining So‘x tumanida joylashgan, o‘z davrida ikki davlat chegara oldi aholisi o‘rtasida katta nizoga sabab bo‘lgan Chashma bulog‘i bo‘yicha ham alohida Hukumatlararo Bitim tuzishga kelishildi. Bunda Chashma bulog‘idan birgalikda foydalanish, tozalash va boshqa masalalar yechimini nazarda tutuvchi O‘zbekiston va Qiirg‘iziston manfaatlaridan kelib chiqqan alohida Bitim imzolanadi”, deydi Aripov. 

Eslatib o‘tamiz, 2020 yil 31 may kuni O‘zbekiston Respublikasi So‘x tumani Chashma qishlog‘ining Qirg‘iziston Respublikasi Botken viloyati Qadamjoy tumani Chechme ayili bilan chegaradosh hududida joylashgan “Chashma” bulog‘i bo‘yida Qirg‘iziston hamda O‘zbekiston fuqarolari o‘rtasida buloqdan foydalanish yuzasidan kelib chiqqan nizo oqibatida ommaviy tartibsizliklar ro‘y bergandi.

Ushbu nizoni bartaraf etish maqsadida So‘x tumani Chashma qishlog‘iga yetib borgan mahalliy hokimiyat vakillari hamda huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlariga tartibbuzarlar tomonidan faol qarshilik ko‘rsatilib, ularga turli darajada shikastlar yetkazilgan.

"So‘x voqealari”ga oid jinoyat ishi bo‘yicha sud muhokamasi ochiqlik va shaffoflik tamoyillari asosida olib borilib, ishni ko‘rishda 22 nafar sudlanuvchi, 36 nafar jabrlanuvchi va 21 nafar guvohlar so‘roq qilingan.

Chegara hududidagi to‘qnashuv ortidan O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov So‘x tumaniga borgandi. U Botken viloyatida Qirg‘iziston Bosh vaziri birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov bilan uchrashgandi.

Joriy yilning 18 mart kuni Farg‘ona viloyat sudida So‘x tumanida bo‘lib o‘tgan ommaviy tartibsizliklar yuzasidan ayblangan 22 nafar shaxsga hukm chiqarildi.


Maqola muallifi

Teglar

Abdulla Aripov

Baholaganlar

244

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing