Janubiy Koreyaning sobiq birinchi xonimiga ayblov qo‘yildi
Olam
−
29 avgust 2025 4528 2 daqiqa
Janubiy Koreyaning hokimiyatdan chetlatilgan prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xi poraxo‘rlik va boshqa jinoyatlarda ayblandi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Kim Gon Xi joriy yilning 12 avgust kunidan buyon tergov hibsxonasida saqlanmoqda. Unga hozircha rasmiy ayblov e’lon qilinmagan, ammo ayblov e’lon qilinishi uni olti oygacha qamoqda ushlab turish imkonini beradi.
Uning eri – sobiq prezident Yun Sok Yol ham avvalroq davlat to‘ntarishini tashkil etishda ayblanib hibsga olingan. 29 avgust kuni yana bir maxsus prokuror Janubiy Koreyaning sobiq bosh vaziri Xan Doksuga ham rasmiy ayblov yuklatgan.
Janubiy Koreya tarixida prezidentlarning turmush o‘rtog‘iga bunday jinoiy ayblov qo‘yilishi va hibsga olinishi ilk bor kuzatilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, Kim Gon Xi tergov davomida besh marta so‘roq qilingan, biroq har safar ko‘rsatma berishdan bo‘yin tovlagan. Prokuratura uni 2009-2012 yillarda Deutsch Motors kompaniyasining aksiyalari bilan bog‘liq firibgarlikda, qimmatbaho sovg‘alar qabul qilish hamda parlament saylovlarida nomzodlarni tanlash jarayoniga noqonuniy aralashishda ayblamoqda.
Shu bilan birga, harbiy holat e’lon qilinishi bilan bog‘liq ishni olib borayotgan boshqa prokuror sobiq bosh vazir va vaqtincha prezident vazifasini bajargan Xan Doksuni qo‘zg‘olonchilarga yordam berishda hamda hujjatlarni qalbakilashtirishda ayblagan. Sud avvalroq uning hibsga olinishi haqidagi iltimosnomani rad etgan. Prokuror esa Xan Doksuning yuqori davlat lavozimini egallagan shaxs sifatida noqonuniy harbiy holatni to‘xtatish imkoniga ega bo‘lganini ta’kidlagan. Qonunga ko‘ra, Janubiy Koreya parlamenti harbiy holatni bekor qilish huquqiga ega va u bu vakolatidan foydalangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya prokuraturasi Kim Gon Xining hibsga olinishi uchun orderga ariza topshirgani haqida xabar berilgandi. Bu ishga bosh-qosh bo‘lish uchun maxsus tayinlangan prokuror Min Chun Gi boshchiligidagi tergov guruhi unga qarshi 16 banddan iborat ayblov qo‘ygan.
Live
Barchasi