Janubiy Koreyaning Jeju Air aviakompaniyasiga tegishli yana bir samolyotda muammo chiqdi
Olam
−
30 dekabr 2024
7253Janubiy Koreyaning Jeju Air aviakompaniyasining Muan xalqaro aeroportida yuzaga kelgan yo‘lovchi samolyoti halokatidan bir kun o‘tib, bugun, 30 dekabr kuni xuddi shu modeldagi samolyot shassi (ko‘tarilish va qo‘nish uchun zarur bo‘lgan tizim) bilan bog‘liq muammo tufayli ortga qaytdi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jeju Air aviakompaniyasining 7C101 reysining ekipaji (Boeing B737-800 samolyoti) soat 06:37 da Kimpxo aeroportidan parvoz qilgan va parvoz davomida shassida nosozlik aniqlangan. Aviakompaniya darhol bortda bo‘lgan 161 yo‘lovchiga bu muammo haqida xabar bergan va samolyotni qaytarib, soat 07:25 da Kimpxo aeroportiga xavfsiz qo‘ndirgan.
Jeju Air’ning boshqaruv departamenti rahbari Son Kyong Hunning so‘zlariga ko‘ra, soat 06:57 da parvozdan keyin shassida nosozlik haqida signal olinib, kapitan yerga qaytish uchun qaror qabul qilgan. Shassining tekshirilishi va normal holatga keltirilishi amalga oshirilgan bo‘lsa-da, kapitan xavfsizlikni ta’minlash maqsadida samolyotni qaytarishga qaror qilgan.
Keyinchalik 21 yo‘lovchi bu reysdan bosh tortgan. Jeju Air qolgan yo‘lovchilarni boshqa shunday modeldagi samolyotga o‘tkazgan va samolyot 08:30 da Chejuga qayta uchgan.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.
Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishi – bir yo‘lovchi va ekipaj a’zolaridan biri.
LiveBarchasi