Janubiy Koreyaning ilk xususiy raketasi muvaffaqiyatsizlikka uchradi

Texnologiya

image

Bugun, 23 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Innospace xususiy kompaniyasiga tegishli bo‘lgan birinchi tijorat kosmik raketasi “Hanbit-Nano”ning uchirilishi muvaffaqiyatsiz yakunlandi. Kompaniya jarayonni jonli translyatsiya qildi.

Ma’lum qilinishicha, raketa Braziliyada joylashgan Alkantara kosmodromidan Seul vaqti bilan soat 10:13 da (Toshkent vaqti bilan 06:13) fazoga uchirilgan. Dastlab uchirish jarayoni rejadagidek kechgan va raketa taxminan bir daqiqa davomida normal parvoz qilgan. Hatto bort kameralaridan tasvirlar ham uzatilgan.

Biroq parvoz davomida kutilmagan holat yuzaga keldi. Balandlikka ko‘tarilish jarayonida video uzatish to‘xtadi, shundan so‘ng markaziy boshqaruv punktidagi ekranlarda “Parvoz vaqtida anomaliya aniqlandi”, degan yozuv paydo bo‘ldi va translyatsiya to‘satdan uzilib qoldi.

Keyinchalik Janubiy Koreyaning “Yonhap” axborot agentligi raketa portlagan bo‘lishi mumkinligini taxmin qildi. Hozircha kompaniya tomonidan hodisa yuzasidan aniq sabablar ochiqlanmadi.

Ma’lumot o‘rnida, “Hanbit-Nano” raketasining uchirilishi bundan avval ham bir necha bor texnik nosozliklar sabab kechiktirilgan edi. Ushbu missiya muvaffaqiyatli amalga oshirilganida, Innospace Janubiy Koreyada foydali yukni orbitaga mustaqil ravishda olib chiqqan ilk xususiy kompaniyaga aylanishi kerak edi. Hozirda hodisa yuzasidan tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Uraldagi harbiy bazada raketa uchirilish paytida portlab ketgani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya kosmik raketa muvaffaqiyatsiz

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing