Janubiy Koreyada robot rohib sifatida qabul qilindi

Olam

image

Janubiy Koreyada robot maxsus marosim orqali buddistlar jamoasiga qabul qilindi. Bu haqda “Yonhap” agentligi xabar berdi.

Marosim Joge Order buddist ordenida bo‘lib o‘tdi. Seuldagi tadbir davomida inson-rohib robotdan: “Muqaddas ta’limotga o‘zingni bag‘ishlashga tayyormisan?” deb so‘ragan. Robot esa: “Ha, men unga o‘zimni bag‘ishlashga tayyorman”, deb javob bergan.

Shundan keyin ruhoniy ustoz robot uchun maxsus moslashtirilgan beshta buddist qoidasini tushuntirgan. Ular orasida: hayotni hurmat qilish va zarar yetkazmaslik, boshqa robotlarni buzmaslik, insonlarga quloq solish va ularga qarshi chiqmaslik, so‘zda ham, harakatda ham aldamaslik, energiyani tejash va ortiqcha quvvat olmaslik kabi qoidalar borligi aytilgan.

So‘ng robotga buddistcha “Gabi” nomi berilgan.

Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Gabi oddiy dindorlar uchun mo‘ljallangan qasamyodni qabul qilgan, biroq yaqin orada ibodatxonada “faxriy rohib” sifatida xizmat qila boshlaydi.

Joge ordenining madaniyat masalalari bo‘yicha mas’ul rohibi Son Vonning aytishicha, ular talaffuzi oson, biroz eski uslubdagi va Budda mehr-shafqatini dunyoga yoyishga yordam beradigan ism tanlashni istashgan. Uning fikricha, robot uchun ishlab chiqilgan ushbu besh tamoyil kelajakda odamlar va mashinalarning tinch birga yashashi uchun asos bo‘lishi mumkin.

Marosim davomida robot “qo‘llarini” oldida birlashtirib turdi, rohiblarga ta’zim qildi va ulardan tasbeh oldi. Odatda rohiblikka qabul qilinayotgan inson qo‘llarini ladan tutuni yonida biroz kuydiradigan marosim o‘rniga, robotga maxsus stiker yopishtirilgan. Gabi shuningdek rohib kiyimini ham kiygan edi.

Rejalarga ko‘ra, u yana uchta robot bilan birgalikda Budda tavalludi munosabati bilan o‘tkaziladigan lotus chiroqlari festivalida qatnashadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Yaponiyada Kioto tadqiqotchilari “Buddharoid” deb nomlangan buddist yozuvlari bo‘yicha o‘qitilgan va inson ruhoniysi kabi harakatlanib va imo-ishoralar qilib, qiziqarli suhbatlar olib boradigan sun’iy intellekt robotini ishlab chiqqandi.


Maqola muallifi

Teglar

Yaponiya Buddharoid Gabi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing