Janubiy Koreyada muxolifat Prezident iste’fosini talab qildi
Olam
−
04 dekabr 2024
4218Janubiy Koreyaning muxolif “Toburo” demokratik partiyasi mamlakat Prezidenti Yun Sok Yoldan harbiy holat e’lon qilgani uchun iste’foga chiqishni talab qildi. Bu haqda partiya bayonotiga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.
Qayd etilishicha, bayonotda harbiy holat e’lon qilinishi mamlakat Konstitutsiyasining buzilishi sifatida baholangan. Prezident esa harbiy holat e’lon qilish uchun zarur bo‘lgan hech qanday talablarni bajarmagan.
“Bu jiddiy isyon harakati va impichment uchun to‘liq asos… Prezident Yun zudlik bilan va ixtiyoriy ravishda iste’foga chiqishi kerak. Agar Prezident Yun darhol iste’foga chiqmasa, biz xalq irodasiga binoan impichment jarayonini boshlaymiz”, deyiladi bayonotda.
Shu asnoda Prezident idorasi rahbari jurnalistlarga bugun, 4 dekabr kuni Yun Sok Yol ishtirokidagi yig‘ilish qoldirilganini ma’lum qilgan. Nashrga ko‘ra, Prezidentning kun tartibida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 dekabr kuni Yun Sok Yol Janubiy Koreyada harbiy holat e’lon qilgandi. U bu qarorini iyun oyida yangi hukumat ish boshlaganidan beri parlament tomonidan 22 nafar hukumat rasmiysi ustidan impichment jarayonini boshlashga urinishlar bilan izohlagan.
Shundan so‘ng Prezident tomonidan harbiy holatni boshqarishga tayinlangan general Pak An Su parlament va siyosiy partiyalar faoliyatini to‘xtatish hamda mamlakatdagi barcha OAVni nazorat qilishni e’lon qildi. Biroq parlament harbiy holat e’lon qilinganidan taxminan 150 daqiqa o‘tib uni bekor qilish uchun ovoz berdi.
Harbiylar Milliy Assambleya binosini to‘sib qo‘ydi, uning atrofida to‘qnashuvlar yuz berdi. Hukmron partiya yetakchisi Xan Don Xun Prezidentning harbiy holat e’lon qilish haqidagi buyrug‘ini bajarishga uringan harbiylarning harakatlarini noqonuniy deb atadi.
Taxminan olti soat o‘tib, Yun Sok Yol Milliy Assambleya iltimosiga binoan harbiy holatni bekor qilishini e’lon qildi. Shu bilan birga u “qayta-qayta impichment jarayonlari, qonunchilik va byudjet faoliyatini to‘xtatishni” talab qildi. Deputatlar esa harbiy holatni bekor qilish uchun qayta ovoz berdi va harbiylar o‘z xizmat joylariga qaytdi.
Xan Don Xun Prezident Yun Sok Yolni vaziyatni tushuntirishga va mas’ul shaxslarni, xususan, Mudofaa vazirini iste’foga chiqarishga chaqirdi. Demokratik partiya a’zosi Pak Chan De harbiy holat e’lon qilinishini “muvaffaqiyatsiz davlat to‘ntarishi” deb atadi va Yun o‘z vazifalaridan chetlashtirilib, fuqaro va harbiy isyon uchun amaldagi jinoyatchi sifatida hibsga olinishi zarurligini bildirdi.
LiveBarchasi