Janubiy Koreyada it go‘shtini yeyish taqiqlandi
Olam
−
09 yanvar
4991Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi deputatlari it go‘shtini iste’mol qilish maqsadida ko‘paytirish va so‘yishni taqiqlovchi qonun loyihasini ma’qulladi. Bu haqda Janubiy Koreyaning “Yonhap” agentligi xabar berdi.
“The Korea Times” gazetasining yozishicha, qonun loyihasini 208 deputat qo‘llab-quvvatlagan, yana ikki parlamentariy betaraf qolgan. Endi Prezident hujjatni imzolashi kerak.
Itni so‘yish, ko‘paytirish va iste’mol qilish uchun sotishni taqiqlash 2027 yildan kuchga kirishi kutilmoqda.
Go‘sht uchun it boqadiganlar ikki yilgacha qamoq yoki 20 million von (15 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilishi mumkin. Itlarni go‘sht uchun so‘yganlar uch yilgacha qamoq yoki 30 million von (22,8 ming dollar)gacha jarimaga tortilishi mumkin.
Ungacha mamlakatda uch yillik imtiyozli davr mavjud bo‘lib, unda hech qanday jazo choralari qo‘llanilmaydi. Mahalliy hokimiyat organlariga it go‘shtidan voz kechish rejasi taqdim etilsa, sohada ishlayotgan odamlar va korxonalar davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi mumkin bo‘ladi.
Hukumat statistikasiga ko‘ra, it go‘shtidan tayyorlangan mahsulotlarni sotuvchi 1150 ga yaqin it fermasi, 34 ta go‘shtni qayta ishlash zavodi, 219 ta distribyutor va 1600 ga yaqin restoran mavjud.
So‘nggi bir necha yil davomida Janubiy Koreyada it go‘shtini taqiqlash g‘oyasi muhokama qilinmoqda. 2023 yil dekabr oyida Seulda joylashgan Hayvonlar farovonligi bo‘yicha tadqiqot va ta’lim-tahlil markazi ikki ming kishi o‘rtasida so‘rov o‘tkazgan.
Respondentlarning 94 foizdan ortig‘i bir yil davomida it go‘shti yemaganliklarini, 93 foizga yaqini esa kelajakda bunday qilish niyati yo‘qligini aytishgan. Bundan tashqari, respondentlarning 82 foizdan ortig‘i itlarning go‘shtini oziq-ovqat sifatida iste’mol qilish uchun ko‘paytirish va so‘yishni qonun bilan taqiqlashni qo‘llab-quvvatlagan.
LiveBarchasi