Janubiy Koreyaning 22 yilga qamalgan sobiq Prezidenti afv etiladi

Olam

image

Janubiy Koreyaning sobiq Prezidenti, mansab vakolatini suiiste’mol qilgani uchun qamoq jazosini o‘tayotgan Pak Kin Xe joriy yilning 31 dekabridan boshlab afv etiladi. Bu haqda mamlakat Adliya vazirligi xabar bergan.  

“Hukumat 24 dekabr kuni 2022 yil bo‘sag‘asida 31 dekabrdan 3094 kishini, jumladan, sobiq Prezidentni afv etish to‘g‘risida qaror qabul qilganini ma’lum qildi”, deyiladi xabarda. 

Ta’kidlanishicha, bugun, 24 dekabr kuni Janubiy Koreya hukumatining Yangi yil bayrami munosabati bilan bir qator shaxslarni afv etish, jazoni yengillashtirish va vakolatlarini tiklash masalalari bo‘yicha navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tgan. Unda sobiq Prezident Pak Kin Xeni afv etish masalasi ham ko‘rib chiqilgan.

“Gumanitar nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, afv etiladiganlar orasida keksalar yoki og‘ir kasallar kabi qiyin sharoitda bo‘lgan mahkumlar ham bor”, degan mamlakat Bosh vaziri Kim Bu Gyom yig‘ilishda. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, joriy afv etish fuqarolarni Yangi yil oldidan va davom etayotgan koronavirus pandemiyasining og‘ir sharoitlarida birlashtirishi kerak. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, Pak Kin Xe bu yil surunkali yelka va bel kasalliklari tufayli uch marta shifoxonaga yotqizilgan. Taxminlarga ko‘ra, uning sog‘lig‘i afv etilishiga sabab bo‘lgan.

Pak Kin Xe 2017 yilning mart oyida mansab vakolatini suiiste’mol qilish va poraxo‘rlik ayblovlari tufayli lavozimidan chetlashtirilgan edi. U do‘sti Chxve Sun Sil bilan til biriktirganlikda hamda Samsung va Lotte kabi yirik konglomeratlarni nazorat ostidagi fondlarga 77,4 milliard von xayriya qilishga majburlamoqchi bo‘lganlikda ayblangan. Sobiq Prezident va uning yordamchilari, shuningdek mamlakat Milliy razvedka xizmatining uch sobiq rahbaridan 3,5 milliard von olganlikda ham ayblangan. 

2018 yilda Pak Kin Xe 30 yillik qamoq va taxminan 17 million dollar jarimaga tortilgan edi.

2019 yilda Oliy sud ishni qayta ko‘rib chiqish uchun qaytarib yubordi, shundan so‘ng 2020 yil iyul oyida Seul Oliy sudi sobiq Prezident o‘z jinoyatlaridan “ko‘p shaxsiy manfaat ko‘rmaganini” va konglomeratlardan tovlamachilik qilgani haqidagi da’volari olib tashlanganini hisobga olib, uning qamoq jazosini 20 yilga qisqartirdi. 

2021 yil yanvarida Janubiy Koreya Oliy sudi nihoyat sobiq Prezidentga 20 yillik muddatni ma’qulladi. Shuningdek, Pak Kin Xe 180 milliard von jarima va 35 milliard von tovon puli to‘lashi kerak bo‘ldi. Umuman olganda, sobiq Prezident 22 yil qamoqda o‘tirishi kerak edi. Unda 2018 yilda o‘sha paytdagi hukmron “Senuri” konservativ partiyasi (hozirda tarqatib yuborilgan) nomzodini ko‘rsatish jarayoniga noqonuniy aralashgani uchun berilgan ikki yillik qamoq jazosi ham bo‘lgan. U to‘rt yilu to‘qqiz oy qamoqda o‘tirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya sobiq Prezident

Baholaganlar

312

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing