Janubiy Koreyada hukmron partiya yetakchisiga suiqasd qilishmoqchi bo‘lishdi – OAV 

Olam

image

Janubiy Koreyaning “Xalq kuchi” hukmron partiyasi yetakchisi Xan Don Xunni harbiy holat e’lon qilingan paytda o‘ldirish va bunda KXDRni ayblash rejalashtirilgan. Bu haqda siyosiy bloger va jurnalist Kim O Chjunga tayanib, “Yonhap” xabar berdi.

Qayd etilishicha, bugun, 13 dekabr kuni Kim O Chjun parlamentning fan va kommunikatsiyalar bo‘yicha qo‘mitasining harbiy holat yuzasidan tinglovida guvoh sifatida chiqish qilgan. U o‘z chiqishining boshida ushbu ma’lumotni to‘liq tekshirib ulgurmaganini aytib o‘tgan. Blogerning aytishicha, Xan Don Xun hibsga olinganidan keyin uni eskort qilish (ko‘chirish) paytida suiqasd rejasi mavjud bo‘lgan.

Kimning so‘zlariga ko‘ra, reja tarkibida boshqa siyosiy mahbuslarni eskort qiluvchi mashinaga hujum uyushtirish, bu orqali ularni ozod qilishga urinish tasavvuri yaratish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, oldindan tayyorlangan Shimoliy Koreya Xalq armiyasi kiyimlari tegishli joylarga yashirilgan bo‘lib, ularni keyinchalik “topish” rejasi bo‘lgan. Bundan tashqari, AQSH askarlariga ham hujum uyushtirish va bu orqali Vashingtonni KXDRga qarshi zarba berishga undash rejalashtirilgan.

Kim O Chjun bu da’volar “ongli bema’nilik” bo‘lib tuyulishi mumkinligini tan olib, o‘z manbasi haqida ma’lumotni qisman ochiqlagan. Xususan, u bu ma’lumotni Seuldagi “do‘st davlat”ning elchixonasidan olganini aytgan. AQSH elchixonasi esa bu manba AQSH diplomatlari emasligini ma’lum qilgan. Bloger ushbu sharoitda o‘zi ham ushbu ma’lumotni “ahmoqlik” deb qabul qilganini tan olgan.

Eslatib o‘tamiz, 3 dekabr kuni Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol mamlakatda harbiy holat joriy etilganini e’lon qilgandi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay harbiy holat bekor qilindi. Yun Sok Yolga nisbatan esa impichment jarayoni boshlandi. Uning dastlabkisida Prezident o‘z o‘rnini saqlab qoldi, lekin bugun, 13 dekabr kuni Yun Sok Yolning impichmenti to‘g‘risidagi qonun loyihasi Milliy assambleyaning yalpi majlisiga qayta kiritildi. Ovoz berish ertaga, 14 dekabr kuni o‘tkazilishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya suiqasd Xan Don Xun

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing