Janubiy Koreyada ham samolyot halokatga uchradi. 179 kishi halok bo‘ldi (video)

Olam

image

Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchradi. Bu haqda “Yonhap” axborot agentligi xabar berdi.

Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan. 

Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. 

“Reuters” axborot agentligiga hodisa haqida gapirib bergan yong‘in xavfsizligi xizmati vakiliga ko‘ra, 2 kishi tirik topilgan va hozirda qutqaruv ishlari davom etmoqda. 

Halokat sabablari hozircha noma’lum, biroq mahalliy OAV bunga qushlarning samolyot tizimlariga tushib qolgani sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini xabar qilmoqda.

Janubiy Koreya Yong‘in xavfsizligi agentligining bayonotiga ko‘ra, hozirgacha bir styuardessa va bir yo‘lovchi qutqarib olingan va halokat joyiga 32 o‘t o‘chirish mashinasi safarbar etilgan.

“Yonhap” bergan so‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 175 yo‘lovchidan 173 nafari halok bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, 25 dekabr kuni Azerbaijan Airlines aviakompaniyasining Baku-Grozniy yo‘nalishidagi samolyoti halokatga uchragandi. Aviakompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, samolyotda 62 nafar yo‘lovchi va besh nafar ekipaj a’zosi bo‘lgan. Qozog‘iston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lum qilishicha, 29 kishi omon qolgan. 38 kishi halok bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Janubiy Koreya samolyot

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing