Janubiy Koreyada halokatga uchragan samolyotning “qora quti”lari so‘nggi daqiqalarni yozib olmagan – OAV
Olam
−
11 yanvar
30832024 yilning 24 dekabr kuni Janubiy Koreyaning Muan aeroportida halokatga uchragan Jeju Air aviakompaniyasi samolyotining ikkala registratorida ham parvozning so‘nggi daqiqalari qayd etilmagan. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, samolyotning "qora quti"lari halokatga to‘rt daqiqa qolganda yozib olishni to‘xtatgan.
“Samolyot ertalab soat 9:03 da halokatga uchradi va ikkita registrator 8:59 da ma’lumotlarni yozib olishni to‘xtatdi. Parvoz haqidagi so‘nggi daqiqalarning yo‘qligi halokatni tekshirishni qiyinlashtiradi. Biroq yozuvlar tergovchilar uchun yagona manba emas”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, endi tekshiruvda turli axborot manbalari, jumladan, havo harakatini boshqarish yozuvlari, halokat videolari va voqea joyidagi qoldiqlar tahlilidan foydalaniladi.
Qo‘shimcha qilinishicha, ayni paytda "qora quti"lar Vashingtonda tahlil qilinmoqda. “Yonhap” agentligi xabariga ko‘ra, tergovni davom ettirish uchun yozuv asboblari 13 yanvar kuni Koreyaga qaytariladi.
Eslatib o‘tamiz, 29 dekabr kuni Janubiy Koreyadagi aeroportda bortida 181 kishi bo‘lgan samolyot halokatga uchragandi. Samolyot mamlakat janubi-g‘arbidagi Muan xalqaro aeroportida uchish-qo‘nish yo‘lagidan chiqib ketgan va qo‘nish yo‘lagi tashqarisidagi to‘siqqa urilib, yonib ketgan.
Xabar qilinishicha, ichida 175 yo‘lovchi va olti nafar bort xodimi bo‘lgan Jeju Air samolyoti Tailandning Bangkok shahridan qaytayotgan va qo‘nayotgan vaqtda avariyaga uchragan. Yo‘lovchilarning 173 nafari Janubiy Koreya fuqarosi va ikki nafari Tailand fuqarosi bo‘lgan. Halokatga uchragan Boeing bir kun oldin ham bortdagi favqulodda vaziyat to‘g‘risida xabar bergan. O‘shanda havo kemasi parvozni davom ettirishdan oldin majburiy qo‘nishni amalga oshirgan. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 179 kishi halok bo‘lgan. Omon qolgan ikki kishining biri yo‘lovchi, yana biri esa ekipaj a’zosi.
LiveBarchasi