Janubiy Koreya vazirliklariga DeepSeek’ga kirish taqiqlandi
Texnologiya
−
05 fevral
3143Janubiy Koreyaning Savdo, sanoat va energetika hamda Tashqi ishlar vazirliklari Xitoyning DeepSeek kompaniyasiga tegishli chat-botga kirishni blokladi. Bu haqda bugun, 5 fevral kuni “Yonhap” xabar berdi.
“Bir nechta hukumat manbalariga ko‘ra, Tashqi ishlar vazirligi hamda Savdo, sanoat va energetika vazirligi o‘z qaroriga asoslanib, tashqi tarmoqqa ulangan kompyuterlarda DeepSeek’ga kirishni chekladi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, bu cheklov ushbu vazirliklarning katta hajmdagi maxfiy va nozik ma’lumotlar bilan ishlashi va ularning oshkor bo‘lish xavfi bilan bog‘liq.
Oldinroq Janubiy Koreyaning yetakchi IT-kompaniyalari va davlat korporatsiyalari ham DeepSeek chat-botidan foydalanishni cheklay boshlagan. Bu qaror chat-bot foydalanuvchining qurilmasi, IP-manzili va klaviatura orqali matn kiritish andozalari haqida katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ishi hamda ushbu ma’lumotlarni Xitoyda joylashgan serverlarda saqlashi bilan bog‘liq xavfsizlik tashvishlari tufayli qabul qilingan.
Ma’lumot o‘rnida, DeepSeek kompaniyasi joriy yil 20 yanvar kuni sun’iy intellekt asosidagi yordamchining R1 versiyasini chiqarganini e’lon qilgandi. Kompaniyaning rasmiy saytida bu versiya ChatGPT’dan qolishmaydigan darajada ekani qayd etilgan. Ushbu yangi versiya chiqarilganidan so‘ng tegishli mobil ilova bir qator mamlakatlarda reytinglar tepasiga ko‘tarildi. Xususan, Apple’ning App Store do‘konida DeepSeek yordamchisi AQSH, Buyuk Britaniya, BAA, Yaponiya, Janubiy Koreya va Xitoyda birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu xizmatning muvaffaqiyati 27 yanvar kuni AQSH texnologiya sektorida pasayish keltirib chiqardi. O‘sha kuni yuqori texnologiyali kompaniyalar indeksi Nasdaq Composite 3,7 foizga tushdi, Nvidia aksiyalari esa 17 foiz qiymatini yo‘qotdi.
Yanvar oyida Wiz Research tadqiqot guruhi DeepSeek’ga tegishli ochiq serverni aniqlaganini e’lon qildi. Unda milliondan ortiq yozuvlar bo‘lgan. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu serverda chat tarixlari, maxfiy kalitlar va boshqa maxfiy ma’lumotlar borligi aniqlangan. Ba’zi ekspertlar foydalanuvchilarga DeepSeek’ga shaxsiy ma’lumotlarini kiritmaslikni tavsiya qilgan, chunki bu ularning oshkor bo‘lish xavfini tug‘diradi. Shuningdek, ular chat-botdan ish jarayonlarida foydalanishning xavfsizligiga e’tibor qaratib, ish hujjatlari, parollar yoki moliyaviy ma’lumotlarning sizib chiqishi katta yo‘qotishlar yoki obro‘ga putur yetkazish bilan bog‘liq oqibatlarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Meta kompaniyasida Xitoyning DeepSeek startapiga tegishli yangi sun’iy intellekt texnologiyasini tahlil qilish uchun to‘rtta maxsus bo‘linma tashkil etilgani xabar qilingandi. Mark Sukerberg tomonidan tashkil etilgan to‘rtta shtabdan ikkitasi High-Flyer tomonidan ishlab chiqilgan DeepSeek’ning o‘quv va ishlatish xarajatlarini kamaytirish usullarini tahlil qiladi va ushbu bilimlarni Llama modelini optimallashtirishda qo‘llash rejalashtirilmoqda.
LiveBarchasi