Janubiy Koreya prezidenti so‘roqqa bormagani uchun qamalishi mumkin
Olam
−
19 dekabr 2024 3827 2 daqiqa
Kecha, 18 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol Korrupsiya bo‘yicha yuqori martabali amaldorlarni tergov qilish boshqarmasi (SIO) tomonidan belgilangan so‘roq uchun ko‘rsatilgan vaqtda ishtirok etmadi. Bu haqda “Yonhap” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, SIO, politsiya va Mudofaa vazirligining bo‘limlaridan iborat qo‘shma tergov guruhi Yunni 18 dekabr kuni ertalab soat 10:00 da Seul janubidagi SIO idorasida so‘roqqa chaqirgan.
SIO rahbari 17 dekabr kuni parlamentning qonunchilik qo‘mitasida chaqiruvning ataylab rad etilganini ta’kidlagan va boshqarma bu masalada tez orada “qonuniy choralar” ko‘rishini bildirgan.
U Yunni hibsga olish uchun order so‘rash mezonlari bajarayotganini va bu usul qonuniy jarayonlarga mos kelishini aytgan. U, shuningdek, favqulodda hibsga olish amaliyotini qo‘llamaslikka qaror qilinganini qo‘shimcha qilgan.
“Bundan tashqari, CIO ikkinchi chaqiruvni yuborishni ham ko‘rib chiqmoqda", deyiladi xabarda.
Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol 2019-2021 yillarda mamlakat bosh prokurori bo‘lgan, 2022 yilgi saylovda g‘olib bo‘lib, prezidentlik lavozimini egallagan.
Janubiy Koreyada 40 yildan ortiq vaqtdan beri birinchi marta bo‘lgan Yunning harbiy holat joriy etishi bor-yo‘g‘i olti soat davom etdi, biroq katta siyosiy g‘alayonlarga sabab bo‘ldi, diplomatik faoliyatni to‘xtatdi va moliyaviy bozorlarni chalkashtirib yubordi. Parlament uni bekor qilish uchun bir ovozdan ovoz berganidan keyin Yun o‘z farmonini bekor qilishga majbur bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol Milliy Assambleya tomonidan e’lon qilingan impichment masalasi Konstitutsiyaviy sud tomonidan ko‘rib chiqilgunga qadar lavozimidan chetlatilishi haqida xabar berilgandi.
Live
Barchasi