Janubiy Koreya havo mudofaasini yorib o‘tishga qodir yangi qurolni sinadi
Olam
−
09:47 1145 2 daqiqa
Janubiy Koreya o‘zi ishlab chiqqan gipertovushli uchish apparatini ilk bor muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazdi. Bu haqda “The War Zone” nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, sinov joriy yilning 8 oktyabr kuni mamlakatning g‘arbiy sohilidagi Anxin poligonida o‘tkazilgan. Janubiy Koreya Prezident ma’muriyati sinov jarayoni aks etgan suratlarni e’lon qilgan. Ularda raketaning uchirilishi va parvoz yakunida suvga tushishi aks etgan.
Janubiy Koreya rasmiylariga ko‘ra, sinov davomida apparatning o‘ta yuqori haroratga chidamli materiallari, boshqaruv tizimi va past balandlikda kutilmagan manyovrlarni amalga oshirish qobiliyati tekshirilgan. Qurilma raketa tezlatkichidan ajralib, belgilangan parvoz yo‘nalishini muvaffaqiyatli bajargan.

Yangi qurolning aniq tezligi va qancha masofaga uchgani hozircha oshkor etilmagan. Shuningdek, uning nishonga yo‘nalish va parvozning so‘nggi bosqichida boshqarilish imkoniyatlari ham to‘liq aniqlashtirilmagan. Shu sababli sinov muvaffaqiyatli o‘tgan bo‘lsa-da, qurolning amaliy jangovar imkoniyatlari hali to‘liq namoyon bo‘lmagan.
Gipertovushli uchish apparatlari odatda tovush tezligidan kamida besh baravar yuqori tezlikda, ya’ni mach 5 va undan ortiq tezlikda harakatlanadi. Oddiy ballistik raketalardan farqli ravishda, bunday qurilmalar atmosfera ichida pastroq trayektoriya bo‘ylab uchib, parvoz davomida yo‘nalishini o‘zgartirishi mumkin. Bu esa dushmanning ularni aniqlashi va urib tushirishini qiyinlashtiradi.

Janubiy Koreya rahbari Li Chje Myon mamlakat xavfsizligini o‘z kuchiga tayanib ta’minlash zarurligini ta’kidlab, yangi texnologiyani yanada takomillashtirishga chaqirgan.
Sinov Koreya yarimorolida qurollanish poygasi kuchayib borayotgan bir paytda o‘tkazildi. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya ham so‘nggi haftalarda gipertovushli deb taqdim etilgan yangi raketalarini sinovdan o‘tkazgan. Janubiy Koreya esa gipertovushli qanotli raketa, shuningdek, havo va dengizdan uchiriladigan yangi ballistik raketalarni ishlab chiqmoqda.
Yangi qurol Janubiy Koreyaning Shimoliy Koreyadagi mustahkamlangan harbiy ob’ektlar va strategik nishonlarga zarba berish imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin. Biroq uning qachon to‘liq jangovar foydalanishga topshirilishi hozircha noma’lum.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shimoliy Koreya Yapon dengizi tomon ballistik raketa uchirgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi