Janubiy Koreya ham Telegram’ga qarshi da’volarini e’lon qildi
Olam
−
28 avgust
3666Janubiy Koreya Prezidenti Yun Sok Yol Telegram’dagi jinsiy xarakterga ega jinoyatlarni chuqur tergov qilishga chaqirdi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, hukumatning ommaviy axborot vositalari regulyatori bo‘lgan Aloqa standartlari komissiyasi bugun, 28 avgust kuni yig‘ilib, bunday kontent va uni tarqatuvchilarga qarshi kurash choralarini muhokama qilishni rejalashtirmoqda.
“Bu anonimlikni himoya qilishga asoslangan texnologiyani ekspluatatsiya qilish. Bu aniq jinoiy huquqbuzarlikdir”, deydi Prezident Yun Sok Yol Vazirlar Mahkamasi majlisida.
Nashrga ko‘ra, joriy yilning dastlabki yetti oyida Janubiy Koreya politsiyasi dipfeyk yordamida sodir etilgan 297 ta jinsiy jinoyat bilan bog‘liq holatni qayd etgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan 117 taga ko‘pdir. Ayblanuvchilarning aksariyati o‘smirlar va 20 yoshlardagi odamlar edi. Universitet talabalari, shuningdek, o‘rta va yuqori sinf o‘quvchilari ishtirokidagi soxta ma’lumotlar tarqatilgan. Koreya o‘qituvchilari va ta’lim uyushmasi shu hafta maktab o‘quvchilarining bunday manipulyatsiya qurboni bo‘lish holatlari aniqlanganini aytdi. Ular bu borada tergov o‘tkazishga chaqirdi. O‘z navbatida, Armiyada jinsiy zo‘ravonlik qurbonlarini qo‘llab-quvvatlash markazi Telegram chatlarida xuddi shunday feyklardan aziyat chekkan ayol harbiylar haqida xabar berdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Telegram asoschisi, rossiyalik tadbirkor Pavel Durovning hibsga olinishi ortidan ilovani yuklab olishlar soni oshgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi