Janubiy Amerika futbolida yana qonli to‘qnashuv yuz berdi (video)
Sport
−
21 avgust 2025 4732 2 daqiqa
Janubiy Amerika kuboki doirasida bo‘lib o‘tgan Argentinaning “Independente” va Chilining “Universidad” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda muxlislar tortishuvi ortidan qonli to‘qnashuvlar yuzaga keldi. Oqibatda o‘yin butunlay bekor qilindi. Bu haqda “The Sun” nashri xabar berdi.
Qayd etilishicha, jamoalar Buenos-Ayresdagi Libertadores de Amerika stadionida bahs olib borayotgan, hisob esa 1:1 ko‘rinishida bo‘lgan. Tortishuv ikkinchi bo‘limning boshida “Universidad” muxlislarining mezbon jamoa muxlislariga turli buyumlarni otishni boshlaganidan so‘ng avj olib ketgan. Nazoratni yo‘qotgan politsiya xodimlari hatto portlovchi moddalar ham ishlatishiga to‘g‘ri kelgan. Tartibsizliklar oqibatida 3 kishi halok bo‘lgani, 10 nafar tomoshabin jiddiy jarohat olgani va 90 nafar chililik muxlis hibsga olingani ma’lum qilingan.
Nashrga ko‘ra, qonli tortishuvdan so‘ng uchrashuv butunlay bekor qilingan. CONMEBOL hamda “Independente” klubi ham buni rasman tasdiqlagan. Shuningdek, Janubiy Amerika Futbol Konfederatsiyasi intizomiy choralar ko‘rilishi mumkinligini ham aytib o‘tgan.
Vaziyatga Chili Prezidenti Gabriel Borich ham aralashgan. U voqea yuzasidan bayonot bergan.
“Avellaneda shahrida “Independente” va “Universidad” muxlislari o‘rtasida sodir bo‘lgan voqealar ko‘p jihatdan mutlaqo noto‘g‘ri. Muxlislar o‘rtasidagi zo‘ravonlik ham, tashkilotchilarning e’tiborsizligi ham kechirilmas. Adolat bu holatga javobgarlarni aniqlashi lozim. Bizning hozirgi ustuvor vazifamiz – hujumga uchragan fuqarolarimizning ahvolini bilish, ularni tezkor tibbiy yordam bilan ta’minlash va hibsga olinganlarning huquqlari himoya qilish”, degan Chili rahbari.
Prezident, shuningdek, fuqarolari holidan xabar olishini va’da bergan:
“Men Argentinadagi elchimiz Xose Antonio Viera-Galloga topshiriq berdim. “Universidad” muxlislari hibsda saqlanayotgan politsiya bo‘limini, jarohatlanganlar yotqizilgan shifoxonalarni shaxsan borib ko‘zdan kechiradi. Biz o‘z fuqarolarimiz xavfsizligini ta’minlash ustida ishlayapmiz”.
Live
Barchasi