Janubiy Afrikada avtobus ag‘darilib ketdi. O‘nlab qurbonlar bor
Olam
−
02 iyul 672 1 daqiqa
Bugun, 2 iyul kuni Janubiy Afrikaning G‘arbiy Keyp provinsiyasida yo‘lovchi avtobusining ag‘darilib ketishi oqibatida kamida 16 kishi halok bo‘ldi, yana 20 nafari jarohatlandi. Bu haqda “Associated Press” xabar berdi.
Mahalliy rasmiylarning ma’lumotiga ko‘ra, avtobus 78 nafar yo‘lovchi bilan Keyptaun shahridan Sharqiy Keyp provinsiyasidagi Idutiva shahriga ketayotgan bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, haydovchi yuk tashuvchi avtomobil bilan to‘qnashuvning oldini olishga uringan, biroq boshqaruvni yo‘qotishi oqibatida avtobus ag‘darilib ketgan.
Avval ayrim xabarlarda to‘qqiz kishi halok bo‘lgani aytilgan. Biroq voqea joyida o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida qurbonlar soni 16 nafarga yetgani aniqlangan. Jarohatlanganlar Vuster shahridagi shifoxonaga olib borilgan. Shuningdek, kamida 43 nafar yo‘lovchi tibbiy yordamdan bosh tortgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa yuzasidan Janubiy Afrika Yo‘l harakatini boshqarish korporatsiyasi va politsiya tomonidan tergov olib borilmoqda.
“Avariya sababi Yo‘l harakatini boshqarish korporatsiyasi va Janubiy Afrika politsiya xizmatlari tomonidan olib borilayotgan tergov davomida aniqlanadi”, deydi Yo‘l harakatini boshqarish korporatsiyasi vakili Saymon Zvane.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Efiopiyaning Amxara mintaqasida yo‘lovchi avtobusining jarlikka qulab tushishi oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi