“Jannatobod”dagi bozorda yirik yong‘in yuz berdi (video)
Olam
−
03 fevral 3509 1 daqiqa
Bugun, 3 fevral kuni Eron poytaxti Tehron shahrining g‘arbiy qismida joylashgan bozorlardan birida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Bu haqda “Al Arabiya English” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in Tehronning “Jannatobod” mahallasida joylashgan do‘kon va savdo rastalariga boy hududda yuz bergan. Mahalliy ommaviy axborot vositalarining Tehron yong‘in boshqarmasi vakiliga tayanib xabar berishicha, alanga juda tez tarqalgan.
Tehron favqulodda xizmatlar operatsiyalari qo‘mondoni Muhammad Behniyaning aytishicha, hozircha hodisa oqibatida jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q. Yong‘inning kelib chiqish sabablari ham noma’lum.
“Yong‘in shu qadar keng hududni qamrab olganki, uni shaharning turli qismlaridan ko‘rish mumkin. Alanga va qora tutun Tehronning ko‘plab hududlaridan ko‘rinmoqda”, degan Tehron yong‘in boshqarmasi vakili Jalol Maliki.
Davlat televideniyesining xabar berishicha, hodisa joyiga zudlik bilan o‘t o‘chiruvchilar yetib borgan va yong‘inni o‘chirish ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokistonning Karachi shahridagi “Gul Plaza” savdo markazida yong‘in yuz bergandi. Oqibatda 5 kishi halok bo‘lgan, 18 kishi jarohat olgan.
Jamshidbek Amirov
Live
Barchasi