Jangovar granatalarni sotib yuborgan chegarachilar ushlandi

Olam

image

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi (MXDQ) qurol-yarog‘ va o‘q-dorilar savdosi bilan shug‘ullangan uyushgan jinoiya guruhi qo‘lga olinganini ma’lum qildi. Bu haqda MXDQ matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, jami to‘qqiz kishi qo‘lga olingan, ulardan ikkitasi chegara xizmatining amaldagi va sobiq xodimlari.

Ma’lum qilinishicha, chegara xizmati xodimlari Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv paytida RGD-5 granatalarini o‘g‘irlab, jinoiy guruh a’zolariga sotgan. Jinoyatchilar ham ularni keyinroq sotishni rejalashtirgan.

“Jinoiy guruhi a’zolari chegara xizmati xodimlari bilan til biriktirib, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv chog‘ida RGD-5 granatalaridan foydalanilgandek ko‘rsatib, o‘zlariga ishonib topshirilgan mol-mulkni o‘g‘irlab, uni jinoiy guruhga sotgan. Hibsga olingan har bir shaxs o‘ziga tegishli jinoyatdagi rolini aniq bajargan: biri xaridorlarni izlagan bo‘lsa, boshqasi qurol-yarog‘ni tashish uchun avtotransport vositalarini va harbiy liboslarni tayyorlagan, bu esa ularni yashirish va xavfsiz harakatlanish uchun xizmat qilgan”, deyiladi xabarda.

MXDQ ma’lumotiga ko‘ra, noqonuniy aylanmadan to‘rtta RGD-5 granatasi, bir dona arralangan o‘qotar qurol, shuningdek, 7,62 millimetrli va 5,45 millimetrli kalibrdagi o‘q-dorilar musodara qilingan. Ushbu jinoyatga aloqador barcha shaxslarni aniqlash bo‘yicha tergov-surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Eslatib o‘tamiz, qirg‘iz-tojik chegarasidagi so‘nggi jiddiy to‘qnashuv 2022 yilning sentyabr oyida bo‘lgan edi. Chegaradagi otishmalarda Qirg‘iziston tomonidan 18 harbiy jarohatlangani va 15 yoshli qiz vafot etgani ma’lum. Tojikiston tomonidan bir nafar chegarachi halok bo‘lgan, uch nafari yaralangan.


Maqola muallifi

Teglar

Qirg'iziston qurol-yarog' Jangovar granata chegarachi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing