Suriyada yana notinchlik. Isyonchilar Halabga yaqinlashdi
Olam
−
29 noyabr
5496Suriyaning “Hayat Tahrir ash-Shom” (HTSH) radikal guruhi jangarilari va ularning ittifoqchilari Suriya armiyasi bilan olib borilgan shiddatli janglarda mamlakat shimoli-g‘arbidagi o‘nlab shahar va qishloqlarni egallab, Halab shahriga yaqinlashdi. Bu haqda bugun, 29 noyabr kuni Suriya inson huquqlari observatoriyasiga tayanib, axborot agentliklari xabar berdi.
Unga ko‘ra, bir necha kun davom etgan janglarda 255 kishi halok bo‘lgan. Shimol va shimoli-g‘arbda Halab va Idlib viloyatlarida 50 dan ortiq qishloq va shaharcha HTSH va ittifoqdosh guruhlar nazorati ostida.
“Hayat Tahrir ash-Sham” jihodchi guruh bo‘lib, avval “Al-Qoida”ning Suriyadagi bo‘limi bo‘lgan “Jabhat an-Nusra”dan ajralib chiqqan. U ko‘pgina mamlakatlarda terrorchi tashkilot sifatida tan olingan.
Jangarilarning keng ko‘lamli hujumi 27 noyabr kuni boshlangan. "Reuters" agentligining qayd etishicha, bu 2020 yil mart oyidan beri Bashar Asadga muxoliflarning eng yirik hujumidir. "Reuters" agentligi hukumat armiyasidagi manbaga tayanib, kecha, 28 noyabr kuni jangarilar Halab shahri chekkasidan 10 km va Nubla va Zaxrodan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgani haqida xabar berdi.
Halab sharqidagi Nayrab aviabazasiga ham hujum qilingan. "Associated Press" axborot agentligi xabariga ko‘ra, jangarilar Halabni Damashq bilan bog‘lovchi muhim M5 magistralini to‘sib qo‘yishga muvaffaq bo‘lishgan.
Turkiyaning “Anadolu” agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 28 noyabrga qadar jangarilar Suriya armiyasi bo‘linmalarini 32 ta aholi punktidan siqib chiqarishga va 245 kvadrat kilometr maydonni egallashga muvaffaq bo‘lgan.
Suriya xavfsizlik mulozimiga ko‘ra, armiya Halabga qo‘shimcha kuch yuborgan. AFPning xabar berishicha, shahardan bir necha kilometr tashqarida kuchli otishma bo‘lgan. Qayd etilishicha, jangarilar tanklar yordamida hujum uyushtirmoqda.
“Deyarli besh yil ichida birinchi marta biz doimiy ravishda raketalar va artilleriya o‘qlari, ba’zan hatto samolyotlar ovozini eshityapmiz”, degan 51 yoshli Halab fuqarosi AFP'ga telefon orqali.
Bu yerda 2012 yildan keyin sodir bo‘lgan to‘qnashuvlarga o‘xshash to‘qnashuvlar takrorlanib, aholi yana uylarini tark etishga majbur bo‘ladi, degan xavotir bor.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Suriya armiyasi bo‘linmalari mamlakat poytaxti Damashqdan 360 km uzoqlikda joylashgan Halab shahrining shimoli va g‘arbida 20 dan ortiq aholi punktini egallab olgan “Jabhat an-Nusra” ekstremistik guruhi jangarilariga qarshi hujum boshlagandi. Turkiya esa qo‘shni Suriyadagi vaziyatni diqqat bilan kuzatib borayotganini va uning hududiy yaxlitligini saqlab qolish tarafdori ekanini bildirdi.
LiveBarchasi