Jamshid Qo‘chqorov: “Karantin may oyida ham davom etish ehtimoli anchagina katta”
Jamiyat
−
15 aprel 2020
7943Dunyoda yuzaga kelgan iqtisodiy muhit og‘ir va bu barcha davlatlarga zarar keltiryapti. Bu haqda Bosh vazir o‘rinbosari – Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov brifing vaqtida aytib o‘tdi.
Jamshid Qo‘chqorov jahon va O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishining prognozlari, pandemiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar va karantin muddatining davomiligi haqida fikrlarini bildirib o‘tdi.
“Jahon iqtisodiyotida yuzaga kelgan vaziyat anchagina murakkab, og‘ir desak ham bo‘ladi. Masalan, kuni kecha Xalqaro valyuta jamg‘armasi o‘z prognozlarini e’lon qildi. Prognozga binoan jahon iqtisodiyoti yil yakunlari bilan 3 foizga qisqaradi, ya’ni minus 3 foiz. Agar pandemiya bilan bog‘liq karantin va shu kabi cheklovlar ikkinchi yarim yillikda davom etadigan bo‘lsa, jahon iqtisodiyoti qo‘shimcha ravishda yana qisqarishi mumkinligi prognoz qilinmoqda.
Jahon banki ham o‘z prognozlarini e’lon qildi. Xalqaro valyuta jamg‘armasi prognoziga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti rejadagi 5,5 foiz o‘rniga 1,6-1,8 foiz atrofida o‘sishi kutilmoqda.
Bu faqatgina talab inqirozi emas, taklif inqirozi ham desak bo‘ladi. Inqiroz banklar yoki yirik mamlakatlar hukumatlarining aybi bilan vujudga kelmadi, xuddi tabiiy ofatga o‘xshagan jarayon bo‘lyapti”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Bosh vazir o‘rinbosari O‘zbekistonda karantin choralari may oyida ham saqlanib qolishi kutilayotganini aytib o‘tdi.
“Oldimizda turgan muammolardan biri shuki – 2-chorak biz uchun o‘ta murakkab bo‘lishi kutilyapti. Chunki ko‘plab mamlakatlar kabi O‘zbekistonda ham karantin bilan bog‘liq cheklovlar asosan aprel oyiga to‘g‘ri kelyapti va may oyida ham davom etish ehtimoli anchagina katta”, deydi Jamshid Anvarovich.
Bosh vazir o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, inqirozga qarshi 3 qismli – pandemiyaga qarshi, ijtmioiy himoya va iqtisodiy choralar ko‘rilyapti.
“Bugungi kunga kelib, inqirozga qarshi amalga oshirilayotgan choralarni 3 ta qismda aytish mumkin. Birinchisi, bu bevosita pandemiya bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish. Ya’ni, bu yangi karantin markazlari, yangi kasalxona qurish, dori-darmon, testlar sotib olish. Bu bo‘yicha birorta cheklov yo‘q, ularning hammasi to‘xtovsiz amalga oshirilyapti.
Ikkinchi qism chora-tadbirlar haqida gapirganda, bu aholini ijtimoiy himoya qilish. Prezidentimizning farmon, qarorlariga binoan bolali oilalarga berilayotgan nafaqalar muddati cho‘zildi. Bunga tegishli mablag‘lar ajratildi. Ishsiz, band bo‘lmagan aholi uchun jamot ishlarini tashkil qilish uchun qo‘shimcha mablag‘lar ajratildi.
Umuman, bandlik, ishlab chiqarishni rag‘batlantirish uchun inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan 3,6 trillion so‘m mablag‘ ajratildi. Barcha chora-tadbirlarning amalga oshirilishidan maqsad bitta – aholi daromadlari keskin pasayib ketishini yumshatish, ikkinchidan iqtisodiyot tarmoqlarini qo‘llab-quvvatlash. Shuning uchun so‘nggi 1-2 kundan boshlab Vazirlar Mahkamasi, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan bir qator sanoat korxonalari uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rilyapti”, dedi Jamshid Qo‘chqorov.
Avvalroq, O‘zbekistonning savdo sheriklarida milliy valyuta qadrsizlanganida so‘mning dollarga nisbatan qiymati nega pasaymagani haqida xabar bergan edik.