Jamoat joylarida yuzni to‘sib yurishni taqiqlovchi qonun Senat tomonidan ma’qullandi

Jamiyat

image

Jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda. Bu haqda bugun, 30 sentyabr kuni Oliy Majlis Senatining qirq beshinchi yalpi majlisida muhokama qilingan va senatorlar tomonidan ma’qullangan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonunda so‘z boradi.

Bildirilishicha, mazkur o‘zgarishdan “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsad qilingan. Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holatlar ham inobatga olinmoqda. 

“Biz milliy urf-odatlar, shu jumladan diniy qadriyatlarni yuksak e’zozlaydigan xalqmiz. Lekin shu bilan birga, jamiyatimiz, davlatimiz hayoti qonun ustuvorligi sharoitida kechishi zarur. O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan har qanday shaxs bunga so‘zsiz rioya qilishi shart!", deydi Senat raisi Tanzila Norboyeva.

Qayd etilishicha, so‘nggi paytlarda mamlakatda faqatgina diniy rasm-rusumlarga binoan tuzilgan nikohlar soni va buning ortidan ko‘p xotinlilik holatlari ortib bormoqda. Shuningdek, reklama, ko‘ngilochar va tahliliy materiallar orqali ko‘p xotinlilik va uning “afzalliklari”ni targ‘ib qilish avj olmoqda. Buning oqibatida qonuniy nikohsiz tug‘ilgan bolalar soni ham oshgan.

Respublika bo‘yicha 2020 yilda 16 564 ta holatda tug‘ilgan chaqaloqlar yolg‘iz ona arizasi asosida ro‘yxatdan o‘tkazilgan bo‘lsa, 2022 yilda ushbu ko‘rsatkich 18 955 tani tashkil etgan.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, mazkur qonunda milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini, yoki nuqsonli ekanligini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, qonun bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

“Bugungi kunda nikoh tuzish masalasiga biryoqlama, qonun doirasidan tashqarida, faqat diniy marosim nuqtai nazaridan qarash, bu borada qonun bilan o‘rnatilgan talablarni pisand qilmaslik, ularni bila turib inkor qilish holatlari – keyinchalik huquqiy jihatdan yechim topish mushkul bo‘lgan ijtimoiy muammolarni keltirib chiqarayotgani barchamizga ma’lum. Qonunning boshqa normalari ham jamiyatimizda ijtimoiy-huquqiy, ma’naviy-axloqiy muhit barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi. Shu o‘rinda aytish muhimki, mazkur yangi normalar fuqarolarimizning e’tiqod erkinligiga mutlaqo daxl qilmaydi. Aksincha har qanday ijtimoiy munosabatlar faqat va faqat Konstitutsiya hamda qonunlar asosida tartibga solinishinigina anglatadi”, degan Norboyeva.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 5 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi qonun loyihasi ko‘rib chiqilib, qabul qilingandi. Amaldagi qonunga kiritilayotgan qo‘shimchalar keng jamoatchilikning muhokamalariga sabab bo‘ldi, shu bois deputat Alisher Qodirov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazarovlar ham bu bo‘yicha o‘z fikrini bildirdi.


Maqola muallifi

Teglar

Senat ko'p xotinlilik

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing