Jammu va Kashmirda 48 ta sayyohlik ob’ekti yopildi

Olam

image

Hindiston boshqaruvidagi Jammu va Kashmir shtati ma’muriyati mintaqada 22 aprel kuni sodir etilgan teraktdan so‘ng 48 sayyohlik ob’ektini yopishga qaror qildi. Bu haqda NDTV xabar berdi.

Qayd etilishicha, tabiiy go‘zalligi bilan mashhur Pahalgam tumanidagi terakt ortidan xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. Rasmiylar xavfsizlik nuqtai nazaridan mintaqadagi 48 sayyohlik joyi yopilishini aytdi. Mintaqaning diqqatga sazovor joylari qancha vaqt yopiqligi haqida ma’lumot yo‘q.

Ba’zi mahalliy aholi bu hujumdan mintaqaning asosiy daromad manbai bo‘lgan turizm jiddiy zarar ko‘rishidan xavotir bildirdi.

Pahalgamdagi terakt

22 aprel kuni qurollangan shaxslar Hindistonning Jammu va Kashmir shtatining Pahalgam tumanida sayyohlarga qarata o‘t ochib, 26 kishini o‘ldirdi. Bundan tashqari, ko‘plab odamlar jarohatlangan.

Hujum ortidan Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Saudiya Arabistoniga rasmiy tashrifini to‘xtatib, Nyu-Dehliga qaytdi. Poytaxtga kelgach, Modi vaziyatni baholash uchun yuqori martabali amaldorlar bilan xavfsizlik bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi. Hindiston hukumati hujumda Pokistondan kelgan odamlarni aybladi.

Hindiston Hind suvlari shartnomasini to‘xtatdi, Nyu-Dehlida joylashgan pokistonlik maslahatchilardan bir hafta ichida mamlakatni tark etishni so‘radi va Pokiston fuqarolariga berilgan vizani bekor qildi.

Pokiston, o‘z navbatida, ayblovlarni rad etdi va Hindistonning Islomoboddagi diplomatik xodimlari sonini qisqartirdi.

Pokiston hukumati Hindistonning Hind daryosi havzasidagi daryolar oqimini to‘xtatish yoki boshqa yo‘nalishga yo‘naltirishga bo‘lgan har qanday urinishi urush harakati sifatida baholanishini aytdi. Shuningdek, mamlakat Hindiston bilan barcha savdo-sotiqni to‘xtatdi va havo hududini yopdi.

Pokiston hukumati, shuningdek, Hindiston fuqarolariga beriladigan barcha vizalar to‘xtatilganini e’lon qildi.


Maqola muallifi

Teglar

Hindiston Pokiston Kashmir

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing