Jamiyat illati – korrupsiyaga qarshi kurash O‘zbekistonda qay ahvolda?
Jamiyat
−
17 iyun 2019
12671Korrupsiya har qanday davlat, har qanday jamiyatni kemiruvchi illat. Insoniyat butun rivojlanish tarixi davomida turli texnologiyalarni ixtiro qildi, ko‘plab davosi bo‘lmagan kasalliklarga davo topdi. Afsuski, korrupsiyaga qarshi aniq bir dori yo‘q. Uni faqatgina tizimli kurash orqali yo‘q qilish mumkin. Bu dunyo tajribasida o‘z isbotini topgan.
Ammo har qanday soha takomillashib, rivojlanib borgani kabi, korrupsiya illati ham o‘z tusini o‘zgartirib, yangi-yangi ko‘rinishlarda jamiyatda “suzib” yuradi. Unga qarshi kurash usullari ham bir joyda qotib qolishi mumkin emas. Ho‘sh, bugungi O‘zbekistonda korrupsiya qarshi kurash qay ahvolda? Bu yo‘nalishda innovatsion texnologiyalar qo‘llanyaptimi? Odamlar korrupsion holatdan xabar topganda tegishli idoralarni bundan ogohlantirishi uchun yo‘llar ochiqmi? Shu savollarga javob olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga murojaat qildik va javob oldik.
“Zamon jadallik bilan rivojlanmoqda. Shunday ekan, biz ham unga mos ravishda korrupsiyaga qarshi yangi zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida kurash olib bormoqdamiz.
Xususan, 2019 yil may oyidan Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqidagi xabarlar o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlash maqsadida telegram ijtimoiy tarmog‘ida @antikorbot nomli maxsus bot yaratilib, ishga tushirildi.
Endilikda Adliya vazirligi va uning tizimidagi ta’lim muassasalarida noqonuniy ishlar, jumladan korrupsiyaga oid huquqbuzarlik holatlari haqida ushbu bot orqali xabar berish mumkin bo‘ladi.
Shu bois, mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish maqsadida 2019-2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturida 2019 yil dekabr oyiga qadar korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risida davlat organlariga axborot berish mexanizmlarini takomillashtirish, shu jumladan fuqarolarga korrupsiya faktlari to‘g‘risida davlat organlarini xabardor qilish imkonini beruvchi mobil va boshqa ilovalarni ishlab chiqish belgilangan.
Shuningdek, Davlat dasturida idoralararo komissiyaning rasmiy veb.saytini yaratish va ishga tushirish nazarda tutilgan bo‘lib, u orqali fuqarolar bilan o‘zaro axborot almashinuvini amalga oshirish imkoniyatlari kengayadi.
Bundan tashqari, 2019 yil 14-15 may kunlari komissiya tomonidan BMT Taraqqiyot Dasturi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan forumda O‘zbekistonda innovatsion axborot-kommunikatsiya texnologiyala-ridan foydalanishda ilg‘or mamlakatlar tajribasini joriy qilish masalalari muhokama qilinib, aniq vazifalar belgilab olindi”, deya javob berdi Prokuratura vakili.
LiveBarchasi