Albaniyaning sobiq prezidenti hibsga olindi
Olam
−
22 Oktabr
2278Albaniyaning sobiq prezidenti Ilir Meta korrupsiya bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olindi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
2017-2022 yillarda prezident bo‘lgan va hozirda muxolifatdagi “Ozodlik” partiyasini boshqarayotgan 55 yoshli Metani qo‘shni Kosovodan poytaxt Tiranaga qaytayotganida, qora niqobli politsiyachilar uning mashinasini to‘xtatib qolgan. Politsiya uni kuch bilan olib ketishi kerakligini aytgan. Mahalliy OAVga ko‘ra, Meta korrupsiya, pul yuvish va mulkni yashirishda ayblanmoqda. Eng dastlabki ayblovlar amaldorning 2010-2011 yillarda iqtisodiyot vaziri bo‘lgan davriga to‘g‘ri keladi.
Sobiq prezidentning matbuot kotibi Tedi Blushi Metaning qo‘lga olinishini “jinoiy odam o‘g‘irlash” deb atagan, siyosatchining advokati esa uning mijozi barcha ayblovlarni rad etayotganini aytgan.
“Advokat boshqa tafsilotlarni keltirmadi, biroq ayblovlar korrupsiyaga aloqadorligini tasdiqladi”, deb yozgan “Reuters”.
Metaning sobiq rafiqasi Monika Kryuyemazi Facebook'da unga o‘xshash soxta ayblovlar qo‘yilgani va politsiyaga muntazam ravishda xabar berib turish buyurilganini aytgan.
Meta prezidentlikkacha bosh vazir, tashqi ishlar vaziri va parlament spikeri lavozimlarida ishlagan. Yevropaning eng qashshoq davlatlaridan biri bo‘lgan Albaniya siyosati 1990 yillar boshida kommunizm qulaganidan beri beqarorlik va nayrangbozlik bilan qoralangan. Bu uning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish maqsadiga to‘sqinlik qilmoqda.
LiveBarchasi