Jalolov, Abduraimov va Mirzahalilov turnirni oltin medal bilan yakunladi

Sport

image

Amman shahrida boks bo‘yicha litsenzion turnir yakuniga yetdi. Musobaqaning final janglarida o‘zbekistonlik bokschilar Bahodir Jalolov, Elnur Abduraiomov, Mirazizbek Mirzahalilov ringga ko‘tarildi. 

-57 kilogramm vazn toifasida iordaniyalik Muhammad Alvadiga qarshi bahs olib borgan Mirzahalilov o‘zining tezkor va aniq zarbalari bilan ajralib turdi. Mirzahalilovga muxlislarning qo‘llab-quvvatlashi qiyinchilik tug‘dirgan bo‘lsa ham bokschi bu bosimni yengib o‘tib, oltin medalga ega chiqdi.

Tokio-2020 ishtirokchisiga aylangan bokschi Elnur Abduraimov (-63 kg) final jangini qozog‘istonlik Zakir Safiullinga qarshi o‘tkazdi.

Keskin va murosasiz kurashlarga boy bo‘lgan mazkur final jangi turnirning eng yorqin janglaridan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Quvonarlisi, bellashuv Abduraimovning g‘alabasi bilan yakunlandi va u turnirning oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

Boks bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yetakchi vakillaridan biri Bahodir Jalolov (+91 kg) nafaqat o‘zbekistonlik bokschilar, balki turnir hisobidan oxirgi jangda ishtirok etdi.

Avstraliyalik Jastis Xyuniga qarshi ringga ko‘tarilgan Jalolov kuchli zarbalari bilan g‘alabani o‘z tomoniga og‘dira oldi va ushbu muvaffaqiyati bilan delegatsiyaning musobaqadagi ishtirokiga chiroyli yakun yasab berdi.

Shu tariqa Iordaniyada o‘tgan litsenzion turnir orqali O‘zbekiston terma jamoasi Tokio-2020 yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun yettita litsenziya, shuningdek, 3 ta oltin va 3 ta bronza medallariga sazovor bo‘ldi va erkaklar o‘rtasida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Musobaqada Tokio-2020 Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma olgan bokschilar ro‘yxati:

-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-57 kg: Mirazizbek Mirzahalilov
-63 kg: Elnur Abduraimov
-69 kg: Bobousmon Baturov
-91 kg: Sanjar Tursunov
+91 kg: Bahodir Jalolov
-51 kg: Tursunoy Rahimova

Musobaqada quyidagi bokschilarimiz shohsupaga ko‘tarilishdi:

Oltin medal:
-57 kg: Mirazizbek Mirzahalilov
-63 kg: Elnur Abduraimov
+91 kg: Bahodir Jalolov

Bronza medal:
-52 kg: Shahobiddin Zoirov
-69 kg: Bobousmon Baturov
-91 kg: Sanjar Tursunov


Maqola muallifi

Teglar

Elnur Abduraimov Bahodir Jalolov Boks Tokio-2020 Mrazizbek Mirzahalilov

Baholaganlar

51

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing