Jaloliddin Manguberdi serialida o‘zbek aktyorlari ham rol o‘ynaydimi?
Madaniyat-san’at
−
20 noyabr 2019
30865Avvalroq, O‘zbekiston tarafining buyurtmasi bilan turkiyalik kinoijodkorlar tomonidan Jaloliddin Manguberdi seriali suratga olinayotgani haqida xabar bergan edik. 13 qismdan iborat va byudjeti 5 million AQSH dollarini tashkil etayotgan mazkur kartinada kimlar rol ijro etishi bugungacha to‘la ma’lum bo‘lgani yo‘q. Biroq, katta ehtimol bilan Jaloliddin Manguberdi obrazini xorijlik aktyorlar gavdalantirishi mumkin.
QALAMPIR.UZ serial suratga olinishi rejalashtirilgan hududda bo‘lib, tashkiliy ishlari bilan tanishdi. Qayd etilishicha, Madaniyat vazirining birinchi o‘rinbosari Ozodbek Nazarbekovning talabi bilan ushbu loyihada o‘zbekistonlik aktyorlarning ishtirokiga keng o‘rin berishga asosiy masala sifatida qaralmoqda. Shu bois kuni kecha ko‘plab aktyorlar “kinoproba” uchun Turkiyaning Istanbul shahrida bo‘lib qaytdilar.
Kinosinovda ishtirok etgan aktyorlar orasida O‘zbekiston xalq artisti Erkin Komilov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artistlar Saida Rametova, Ra’no Shodiyeva, aktyorlar Javohir Zokirov, Alisher Uzoqov, Rayhon Ulasenova, Shahzoda Matchonova, Adiz Rajabov, Yulduz Rajabovalar bor. Biroq, ulardan qay biri sinovdan o‘tgani va serialda rol o‘ynashi hozircha ma’lum emas.
Ssenariy, dekoratsiya va tashkiliy jarayonlar qattiq sir tutilayotgan ushbu loyiha agar muvaffaqiyatli amalga oshirilsa, o‘zbek kinosining jahon bozoriga chiqishiga turtki bo‘lishi kutilmoqda. Bunga esa yetarli asoslar bor. Loyihaga bosh-qosh bo‘layotgan turkiyalik kinoijodkorlarning so‘nggi besh yil davomida suratga olgan “Tirilish. Erto‘g‘rul” seriali dunyoning 85 mamlakatida tomosha qilindi. Bu serial bilan Turkiya dunyoga tarixini anglatish bilan, kino orqali potensial turist orttirdi, kino bozorida yaxshigina daromad topdi. O‘zbekiston ham 5 million ortidan milliy g‘oyasini jahonda ilgari surish, tarixiga munosib egalik qilish bilan birga, dunyoning yarmini egallagan Chingizxonni yenggan Jaloliddin Manguberdi yurtiga millionlab turistlarni chorlaydi.
“Albatta, hamma ushbu serialda o‘zimizning aktyorlar rol ijro etishini istaydi. Biroq, dunyo bozoriga kirish, unda daromad topish va loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun faqat o‘zimizning imkoniyatlarimiz kamlik qiladi. Afsuski, ko‘p yillar tarixiy filmlar ishlanmadi. Davlat rahbari 2017 yil avgust oyida rejissyorlar oldiga tarixiy asarlar ishlash bo‘yicha vazifalar qo‘ygandi. Natijani ko‘rib turibsiz. Hozir turklarning mavjud tajribasidan foydalanib qolish kerak”, deydi tasvirga olish maydonchasida bo‘lib qaytgan jurnalist Qamariddin Shayxov.
QALAMPIR.UZ’ga oid ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur serialga metsenatlik asosida 5 million AQSH dollari mablag‘ sarf etilmoqda. U 13 qismdan iborat bo‘ladi. Agar serial dunyo bozoriga chiqib, qaysidir jihatdan sarf-xarajatlarni qoplay olsa, tasvirga olish ishlari yana davom ettiriladi.
LiveBarchasi