Mirziyoyev yangi poyezdda Urganchdan Xivaga bordi
Jamiyat
−
01 may 11989 2 daqiqa
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 1 may kuni Xorazm viloyatiga tashrifi doirasida yangi poyezdda jamoatchilik bilan birga Urganchdan Xivaga bordi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Davlat rahbari O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan vagonlar va Urganch-Xiva elektrlashtirilgan temiryo‘lini ko‘zdan kechirdi.

Ma’lumki, bugungi kunda 465 kilometrlik “Buxoro-Urganch-Xiva” temiryo‘li elektrlashtirilib, himoya to‘siqlari o‘rnatilgan va zarur inshootlar qurilgan. Bu yo‘nalish uchun Janubiy Koreyaning “Hyundai Rotem” kompaniyasidan yuqori tezlikdagi 6 ta elektropoyezd xarid qilinib, kelgusi yildan “Jaloliddin Manguberdi” nomi ostida Toshkent-Xiva yo‘nalishiga qo‘yiladi.

Natijada yiliga 3 milliondan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Hozirda Toshkentdan Xivaga 14 soatda yetib boradigan poyezd mazkur yo‘nalishda harakatga qo‘yiladigan elektropoyezd imkoniyatlari tufayli 7 soat 40 daqiqada yetib boradi.
Shuningdek, yuk poyezdlari o‘tkazuvchanligi qariyb 6 million tonnaga yetadi. Hozir bu ko‘rsatkich 1 million tonna.

Qayd etilishicha, Prezidentning 2023 yil 10 oktyabrdagi temiryo‘l transporti sohasini tubdan isloh qilish to‘g‘risidagi qarori asosida vagonsozlik tarmog‘i ham mustahkamlanmoqda. Jumladan, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 50 million dollari yo‘lovchi vagonlari ishlab chiqarish uchun yo‘naltirilgan. Joriy yil birinchi chorakda dastlabki 10 ta yo‘lovchi vagoni qurib bitkazilgan. Davlat rahbari ulardagi qulayliklarni ko‘zdan kechirdi.
Bildirilishicha, kelgusi ikki yilda yo‘lovchi vagonlari soni 70 taga ko‘paytirilib, eski turdagilaridan bosqichma-bosqich voz kechiladi. Natijada yiliga bir million nafardan ortiq qo‘shimcha yo‘lovchini tashish imkoniyati yaratiladi.

Prezident ushbu yangi poyezdda jamoatchilik bilan birga Urganchdan Xivaga bordi. Yo‘l bo‘ylab joylardagi obodonchilik, dala chetlarida ekilgan ko‘chatlarni kuzatib bordi.
Viloyatda o‘tgan yili “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida qariyb 10 million tup daraxt va buta ko‘chatlari ekilgan. Yirik sanoat korxonalari tomonidan “yashil belbog‘”lar barpo etilgan.

Ma’lum qilinishicha, bu yil erta bahorda ham ziroatchilik ko‘lami kengaygan. Viloyatdagi 1 ming 100 gektardan ziyod dala chetlari va kanallar atrofidagi maydonlarga daromadli mahsulotlar ekilgan. Ularni kafolatli xarid qilishga tadbirkorlar biriktirilgan. “Agroko‘makchi” mobil ilovasi orqali dala chetlari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka yetkazilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Prezident Shavkat Mirziyoyev Xonqa tumanidagi “Sobirjon Yusuf” oilaviy fermer xo‘jaligi dalasida bo‘lgan va fermer xo‘jaligining 73 yoshli rahbari Oyimjon Otajonovani “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi” unvoni bilan mukofotlagandi.
Live
Barchasi