Jaloliddin Ahmadaliyevga birovning jarimasi yuborildi. IIB munosabat bildirdi
Madaniyat-san’at
−
11 avgust 2023
15305Ijtimoiy tarmoqlarda boshqa haydovchining jarima qog‘ozi taniqli xonanda Jaloliddin Ahmadaliyev nomiga rasmiylashtirilib, uning uyiga jo‘natilgani haqida video tarqaldi. Ushbu xabarga Namangan viloyati IIB Jamoat xavfsizlik xizmati rasmiy munosabat bildirdi.
Gap shundaki, na davlat raqami, na rusumi o‘xshash bo‘lmagan mashinalar adashtirilib, jarima huquqbuzarlik sodir etmagan xonanda nomiga yozilgan. So‘ngra shakllangan qaror O‘zbekiston pochtasi AJ tomonidan uning yashash manziliga yuborilgan. Bo‘limning xabariga ko‘ra, ushbu qaror “texnik xatolik sababli shakllantirilgan” va “ishni ko‘rib chiqqan xodim tomonidan joyida bartaraf etilib, qaror O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 271-moddasi 1-qismiga asosan bekor qilingan”.
Ma’lumotlarga ko‘ra, huquqbuzarlikni chindan sodir etgan haydovchi Namangan shahar hududida harakat tezligi 60 km/s chegaralangan joyda 72 km/s tezlik bilan harakatlangan va O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128,3-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir etgan. Anglashilmovchilik aniqlangandan so‘ng ushbu haydovchiga jarima solish to‘g‘risidagi qaror shakllantirilib, tegishli chora ko‘rilgan.
Shuningdek, IIB Jamoat xavfsizlik xizmati axborot bo‘limi taqdim etgan qo‘shimcha ma’lumotda xonandaning jami 9 ta holat bo‘yicha 8 million 250 ming so‘m miqdordagi qarzi borligi ma’lum qilingan.
LiveBarchasi