Jahongir Otajonov siyosatdan ketdi. U onasi uchun konsert bermoqchi

Jamiyat

image

Avvalroq sobiq xonanda Jahongir Otajonov O‘zbekiston prezidentligiga o‘z nomzodini qo‘ymoqchi ekanligi haqida xabar bergan edik. Otajonov endi ortiq siyosiy faoliyat bilan shug‘ullanmoqchi emas. Bu haqda u o‘zining Instagram’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Siyosiy masalada jonli efir tashkil qilmaganimga 15 kun bo‘ldi. Har bir efirimda onamning umri 5 yilga kamayib ketyapti. Ota-onamning har kuni yig‘lab o‘tirishi men uchun qimmatga tushmoqda. Hattoki, Prezident bo‘lib qolsam, bularga biror kor-hol bo‘lsa, menga tatimaydi. Shuning uchun, men butun jamoatchilikdan uzr so‘rayman. Hozircha, siyosatdan chekinib turaman. Qismat bo‘lsa, balki siyosiy faoliyatimni davom ettirsam ham har kuni onamning “o‘lishini” ko‘rib o‘tirish meni charchatdi”, deydi u.

Otajonov so‘zida davom etar ekan, butun jamiyat va siyosatchilardan yana bir bor uzr so‘radi:

“Butun jamoatdan, butun vatandoshlardan, borki siyosatchilardan va borki partiya a’zolaridan uzr so‘rayman. Hozircha bu ishni davom ettira olmayman. Chunki, onamni ko‘ndirish uchun 6 oy kurashdim. Lekin siyosiy faoliyat oson emas ekan, bularning har kuni siqilishi meni charchatdi. Bu yilgi prezidentlik saylovlarida ham omad tilayman. Nimaiki bo‘lsa, xalqimizning foydasi uchun bo‘lsin”.

Murojaat yakunida Jahongir Otajonov onasiga yuzlanib, uning sharafiga “Onam uchun” deb nomlangan konsert berishini aytdi.

Eslatib o‘tamiz, Jahongir Otajonov 2020 yil dekabr oyida san’atdan ketganini e’lon qilgan edi. Oradan ko‘p o‘tmay u joriy yilda O‘zbekistonda o‘tkaziladigan prezidentlik saylovida nomzodini qo‘ymoqchiligini ommaga ma’lum qildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘pchilik foydalanuvchilar Jahongir Otajonovning prezidentlikka nomzodini qo‘yish to‘g‘risidagi murojaatini hazilga yo‘ydi va “piar” sifatida qabul qildi.

Buning ortidan, u Prezident bo‘lish niyati jiddiy ekanini ta’kidlab, o‘zining shu mavzudagi ikkinchi videomurojaatini qoldirdi. U galdagi murojaatida davlat rahbarining lyuks saroylarda yashashiga qarshi ekanini aytib o‘tdi.

Shuningdek, u O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga videomurojaat yo‘llab, unda Prezidentdan o‘zini tuman hokimi qilib tayinlashni so‘radi.

Shundan so‘ng, yangi partiya tuzmoqchi bo‘lgan Otajonov Adliya vazirligiga tashrif buyurdi. Vaziyatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ Adliya vazirligi matbuot xizmati rahbari Sevara O‘rinboyeva bilan bog‘landi. Uning ta’kidlashicha, Jahongir Otajonov yangi partiya tuzish maqsadida Adliya vazirligiga haqiqatan ham kelgan. Lekin partiya tuzishning ham o‘ziga yarasha talablari bor.

“Jahongir Otajonov yangi partiya tuzish maqsadida Adliya vazirligiga tashrif buyurdi. Lekin partiya tuzishning ham o‘z talablari bor. Qonunchilikka ko‘ra, ushbu partiyani kamida 20 ming odam qo‘llab-quvvatlab, imzolashi kerak. Uning murojaati o‘rganib chiqiladi va jamoatchilikka alohida ma’lumot taqdim etiladi”, deydi O‘rinboyeva.

Joriy yilning 29 iyun kuni Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Jahongir Otajonov murojaatlarining birida tuhmat va haqorat qilish alomatlari mavjud bo‘lgani sababli, holatga tegishli tartibda huquqiy baho berilishini ma’lum qilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Otajonov

Baholaganlar

727

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

Mavzuga doir yangiliklar