Toshkentdagi “uylar qirg‘inining” asosiy figuranti – Ortiqxo‘jayev “The Guardian”ga maktub yo‘lladi

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev Buyuk Britaniyaning “The Guardian” tahririyatiga maktub yozdi. Poytaxt hokimi maktubida: “Ogohlantirishsiz ko‘chirish: Toshkentda uy-joylarni to‘satdan buzish g‘azabga sabab bo‘lmoqda” maqolasidan afsusda ekanini bildirdi. 

“The Guardian”nashri o‘z saytida hokim Jahongir Ortiqxo‘jayevning maktubini e’lon qildi.

Britaniya nashri o‘z maqolasida Toshkentda kamida 10 ming kishi o‘z uyidan ko‘chirilganini, shuningdek, yana 30 ming kishining uyi “snos”ga tushish xavfi borligini ta’kidlagandi.

“Men Toshkent hokimi sifatida sizning maqolangizni hayrat va afsus bilan o‘qib chiqdim”, degan Ortiqxo‘jayev.

Hokimning ta’kidlashicha, odamlarning ko‘chirilishi haqida ogohlantirilmayotgani noto‘g‘ri. Ularning bari ogohlantirilgan, ba’zilar ikki yil avval xabardor qilingan.

Bundan tashqari, jurnalist Toshkent shahar ma’muriyati bilan bog‘lanmagani va shu sababdan raqamlarning to‘g‘riligi tekshirilmaganiga e’tibor berilgan.

Maktubda qayd etilishicha, hisobotda hech bir tekshiruv va rasmiy manbasiz 10 ming kishi ko‘chirilgan hamda 30 ming kishining ko‘chirilish xavfi bor deyilgan.

“Toshkentda ko‘chmas mulkning buzilishi o‘z-o‘zidan ro‘y bermayapti. Bu hol turar-joylar og‘ir va yarim vayrona ahvolga kelganda yuz beryapti. Ko‘p hollarda bu tumanlarda infratuzilma suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimining to‘liq yangilanishini talab qiladi”, deyiladi hokim xatida.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, binolar fuqarolarni to‘la ogohlantirmay va kompensatsiya to‘lovi borasida kelishuvga erishmay buzilmaydi.

“Bu kelishuv turli ko‘rinishda bo‘lishi mumkin: yangi turar-joy, bozor narxidan kelib chiqib tovon puli yoki ularning uyg‘unlidagi holida. Turar-joydan ko‘chish uchun ham yordam ko‘rsatiladi”, degan Ortiqxo‘jayev maktubida.

Toshkent hokimi o‘z maktubida shahar aholisining hayot tarzi va uy-joy fondining sharoitini yaxshilash uchun harakat qilayotganini qayd etgan.

“Biz shahrimiz aholisining hayotini, uy-joy fondining sifati va xavfsizligini yaxshilashga harakat qilmoqdamiz. Barcha fuqarolarga yaxshilangan sharoitlar taklif etildi hamda hech qanday qonun buzilmadi”, deyiladi maktubda.

Jahongir Ortiqxo‘jayev maktubi so‘ngida “The Guardian”ga Toshkentga kelish va shahar haqida batafsil ma’lumot olish uchun ma’muriyat bilan uchrashishni taklif qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Jahongir Ortiqxo'jaev turar-joy

Baholaganlar

181

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing