Jahon chempioni bo‘lishga asosiy nomzodlar ma’lum qilindi

Sport

image

Joriy yilning  20 noyabridan 18 dekabrigacha Qatar yashil maydonlarida futbol bo‘yicha navbatdagi Jahon chempionati bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan. Ushbu mundialda g‘olib chiqish uchun asosiy da’vogar sifatida Braziliya terma jamoasi ko‘rilmoqda. Bu haqda “The Guardian” nashri yozmoqda.

Braziliya hozirgi kunda dunyoning eng hujumkor jamoalaridan biri hisoblanadi. Termada Vinisius Junior, Rodrigo Silva de Gois, Neymar Junior, Antoni, Gabriel Jezus va Rafinya kabi super iste’dodli hujumchilar to‘p tepadi. Ayniqsa, braziliyaliklarning yetakchisi Neymar Junior ushbu mavsumda o‘zining eng yaxshi davrlariga qaytayotgandek tuyulmoqda. Tite qo‘l ostidagi jamoada Alison Beker va Ederson Morayes kabi saviyali darvozabonlar ham mavjud. Braziliyaga himoya va hujumda resurs kamligi pand bermasa, Tite shogirdlari mundial g‘olibligini tantana qilishlari mumkin.

Jahon chempionatining ikkinchi raqamli favoriti sifatida Lotin Amerikasining yana bir vakili Argentina terma jamoasi qayd etilmoqda. Lionel Skaloni shogirdlari 38 ta uchrashuvdan beri mag‘lubiyat nimaligini bilmay kelmoqda. Albatta, ular haqli ravishda mundialda ham g‘olib chiqishga asosiy nomzodlar qatoridan joy oldi. Qolaversa, Lionel Messi ham ushbu mavsumda yayrab o‘ynamoqda. Yuqori ehtimol bilan Qatar-2022 Messining faoliyatidagi oxirgi mundial bo‘ladi. Leo esa ushbu mundialni o‘zi va jamoasi uchun mutlaqo yuqori saviyada o‘tkazishga tayyorligini isbotlab bo‘ldi.

Kuchli uchlikka Ispaniya terma jamoasi  yakun yasab bergan. Ispaniya so‘ngi yillarda avlodlar almashuvini  boshidan kechirdi. Albatta, hozirgi Ispaniya tarkib borasida juda ko‘p jamoalar bilan bahslasha olmaydi. Biroq Luis Enrike foydalanishi mumkin bo‘lgan futbolchilardan yaxshi jamoa tuzgan. Buni Yevropa Millatlar ligasining Portugaliyaga qarshi uchrashuvi ko‘rsatib berdi. Ispanlar tarkib jihatdan o‘zlaridan ustun portugallarni mag‘lub etib, Millatlar ligasining yarim finaliga yo‘l oldi.

“The Guardian” talqiniga ko‘ra, mundialni yutishga asosiy nomzodlarning  o‘ntaligi quyidagicha ko‘rinish olgan:

1. Braziliya;

2. Argentina;

3. Ispaniya;

4. Niderlandiya;

5. Germaniya;

6. Daniya;

7. Fransiya;

8. Xorvatiya;

9. Angliya;

10. Serbiya.

Belgiya terma jamoasi nomzodlar qatorida 12-o‘rinda qayd etilgan bo‘lsa, Portugaliya 14-o‘rin bilan cheklangan.

Osiyo jamoalari orasida eng yaxshi ko‘rsatkich Yaponiya termasiga tegishlidir. Kunchiqar yurt vakillari 20-o‘rinni egallab turibdi. Saudiya Arabistoniga esa mundialning eng autsayder jamoasi sifatida baho berilgan.

Qatarda bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionatining boshlanishiga salkam ikki oy vaqt borligini hisobga oladigan bo‘lsak, jamoalarning holati mutlaqo teskari tarafga o‘zgarib ketishi mumkin.


Maqola muallifi

Teglar

Qatar-2022

Baholaganlar

314

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing