Jahon chempionatlari tarixidagi eng yaxshi 10 ta libos e’lon qilindi
Sport
−
31 Oktabr 2022
9359Futbol bo‘yicha ilk Jahon chempionati 1930 yilda Urugvayda o‘tkazilgan. O‘shandan beri ordan 92 yil vaqt o‘tdi. Har bir mundial oldidan milliy terma jamoalar o‘zlarining zamonaviy va bejirim liboslarini namoyish qilgan. Amerika Qo‘shma Shtatlari terma jamoasi 1994 yilgi (aynan AQSHda o‘tkazilgan) chempionatda foydalangan kiyim esa mundiallar tarixidagi eng yaxshi libos, deb topildi. Bu haqda “Goal” nashri yozmoqda.
1. Amerika Qo‘shma Shtatlari (qaysi Jahon chempionatida foydalanilgan: 1994).
1994 yilgi Jahon chempionatiga AQSH mezbonlik qilgan. Amerika milliy terma jamoasining ushbu libosi mehmondagi o‘yinlarda foydalanish uchun chiqarilgan. Ammo AQSH termasi mundial bahslarda asosan shu libosdan foydalangan. Ko‘rinishidan ushbu forma AQSHning bayrog‘ini eslatib yuboradi.
2. Argentina (1986).
Buyuk futbolchi bilan bog‘langan ajoyib libos. 1986 yilgi mundialga Meksika mezbonlik qilgan. Argentina terma jamoasi tarkibida Diyego Armando Maradona ismli daho futbolchi porladi va mamlakatini Jahon futboli cho‘qqisiga ikkinchi bor olib chiqdi. Maradona turnirni 5 ta gol bilan yakunladi. Shubhasiz, bu gollarning ikkitasi haligacha mashhur. Ushbu gollar mundialning yarim finalida Angliya terma jamoasi darvozasiga kiritilgan. Afsonaviy hujumchining birinchi goli “Xudoning qo‘li” nomini olgan. Sababi Diyegoning havodan uzatilgan to‘pga bo‘yi yetmagan va darvozani qo‘li bilan ishg‘ol qilgan. Argentinalik futbolchining ikkinchi goli “Asr goli” deya nomlanadi. Maradona deyarli maydon markazidan tezlik olib inglizlarning butun himoyasini ortda qoldiradi. Shu tariqa, Argentina finalga chiqadi va chempion bo‘ladi.
3. Braziliya (1970).
Albatta, ushbu ro‘yxat Braziliya terma jamoasining afsonaviy sariq libosisiz to‘liq bo‘lmas edi. Libos har doimgidek sariq va yoqa va yeng qismlaridagi biroz yashil rang uyg‘unligida yaratilgan. Braziliya terma jamoasining har qanday libosi ushbu ro‘yxatga kirishi mumkin edi. Biroq bu libos shunisi bilan ahamiyatliki, aynan 1970 yilgi mundialda afsonaviy Pele Braziliya bilan so‘ngi bor Jahon chempionatida zafar quchgan.
4. Angliya (1990)
Braziliya va Argentinadan farqli ravishda Angliya terma jamoasining libosi o‘zining dizayni bilan mashhurlikka erishgan. Ushbu libosda oq va to‘q ko‘k rang o‘ziga xos uyg‘unlikni tashkil qilgan. Shuningdek, ushbu libosda naqshinkor elementlar ham ko‘zga tashlanadi. Qolaversa, 1990 yilda Italiya mezbonlik qilgan Jahon chempionatida inglizlar yaxshi ishtirok etgan. Angliya musobaqa yarim finalida Germaniyaga, ya’ni, bo‘lajak chempionlarga imkoniyatni boy bergan.
5. Xorvatiya (1998).
Xorvatiya terma jamoasi 1998 yili Fransiya bo‘lib o‘tgan mundialda foydalangan libosi ham yaxshigina mashhurlikka erishgan. Odatdagidek, kiyimdan shaxmat kataklarni eslatuvchi shakllar o‘rin olgan. Ammo bu shakllar libosni butunlay qoplab olmagan.
6. Daniya (1986).
1986 yili Meksikada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionati Daniya uchun birinchisi bo‘lgan. Daniyaliklar chorak finalda Ispaniyaga yirik 5:1 hisobida mag‘lub bo‘lishgan. Ammo Daniya mehmondagi o‘yinlarda foydalangan ajoyib liboslari bilan futbol ommasini hayratga solishning uddasidan chiqdi.
7. Fransiya (1998).
Fransiya 1998 yilgi Jahon chempionatiga mezbonlik qildi va zafar quchdi. Fransuzlar tarixida ajoyib liboslar to‘plami ko‘p bo‘lgan. Ammo muxlislar uchun asr oxiridagi to‘plam boshqacha ahamiyatga ega. Sababi aynan ushbu Jahon chempionatida Zinedin Zidan, Patrik Viyeyra, Terri Anri va Rober Pires kabi yulduzlar g‘oliblikni qo‘lga kiritgan. Libosda an’anaviy ko‘k rang bilan birgalikda qizil va oq chiziqlarning uyg‘unligida yaratilgan.
8. Kamerun (2002).
Ha, Kamerun termasining libosi o‘zining zamonaviy dizayni bilan maqtana olmaydi. “Puma” kompaniyasi ushbu libosni yengsiz taqdim qilgan. Ammo FIFA'ning e’tirozidan keyin yashil rangli libosga qora yeng qo‘shildi.
9. G‘arbiy Germaniya (1990).
Germaniya terma jamoasi 1990 yilgi Italiyada bo‘lib o‘tgan mundialning g‘olibiga aylangan. Nemislarning mehmondagi o‘yinlar uchun foydalangan yashil libosi esa mashhurlikka erishdi.
10. Nigeriya (2018).
Nigeriyaning Rossiyada bo‘lib o‘tgan Jahon chempionatida foydalangan libosi ijtimoiy tarmoqni chinakamiga portlatgandi. Nigeriya 2018 yilgi Jahon chempionatini guruh bosqichida yakunlagan bo‘lsa-da, libos mundialning eng yaxshi to‘plami deb topildi. Biroq “Nike” ko‘ylakning asosiy dizayni doimiy ravishda yangilab turdi. Oqibatda, dunyoga mashhur bo‘lgan libosning asosi saqlab qolinmadi.
Avvalroq, Qatar-2022 da terma jamoalar qanday liboslarda maydonga chiqishi va ularning narxi qanchaligi to‘g‘risida xabar berilgandi.
LiveBarchasi