Jahon banki O‘zbekistonga 200 mln dollar ajratdi

Olam

image

Jahon bankining Ijroiya direktorlar kengashi irrigatsiya va drenaj infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, fermerlarga irrigatsiya xizmatlarini ko‘rsatish sifatini oshirish loyihasini amalga oshirish uchun O‘zbekistonga 200 mln dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qulladi. Bu haqda Jahon bankining matbuot xizmati xabar berdi.

Loyiha mamlakatning beshta hududida suv yo‘qotishlarini qisqartirish va sug‘orish tizimlarining energiya samaradorligini oshirishga qaratilgan. O‘zbekiston hukumati loyihani birgalikda moliyalashtirish uchun qo‘shimcha 23,2 mln dollar ajratishi ko‘zda tutilgan.

Bildirilishicha, O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligi loyihani Qoraqalpog‘iston Respublikasi, shuningdek, Buxoro, Qashqadaryo, Namangan va Surxondaryo viloyatlarida amalga oshirish uchun mas’ul bo‘ladi.

Rejalashtirilgan loyiha doirasida Amudaryo va Sirdaryo bilan bog‘langan va yuqorida qayd etilgan hududlardan o‘tgan sakkizta yirik magistral kanalning 259 kilometri betonlanadi. Buning uchun suvni tejaydigan zamonaviy materiallar, jumladan, geomembranalardan foydalaniladi.

Shu bilan birgalikda, o‘zi oqar suv yetkazib berishni ta’minlash va iloji boricha nasoslardan foydalanish zaruratini kamaytirish uchun kanal o‘zanlarini qayta profillash va ularning sathini ko‘tarish ishlari amalga oshiriladi, ko‘rsatilgan kanallar bo‘ylab suv taqsimotini nazorat qilish darajasini oshirish uchun 470 ga yaqin gidrotexnik inshootlar quriladi hamda suv sarfini o‘lchagich o‘rnatilgan boshqariladigan suv chiqargichlarni o‘rnatish, shuningdek, suv ta’minoti jarayonlarini boshqarish uchun dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish tizimi (SCADA) joriy etiladi.

Loyihadan kutilayotgan natijalar:

  • 232 000 gektar maydonda irrigatsiya xizmati sifatini oshirish, bu esa ushbu yerlarda qishloq xo‘jaligi unumdorligini oshirish imkonini beradi.
  • 180 000 nafar suv foydalanuvchilari, shu jumladan 80 000 nafar ayollarning sug‘orish xizmatlaridan yanada ishonchli foydalanishini ta’minlash.
  • Yillik suv yo‘qotishlarini taxminan 540 million kub metrga qisqartirish, bu esa suvdan yanada oqilona foydalanishga yordam beradi.
  • Yiliga 165 million kVt soatdan ortiq elektr energiyasini tejash, bu esa irrigatsiya sohasida energiya samaradorligini oshiradi va ekspluatatsiya xarajatlarini kamaytiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq, jahon bankining Ijroiya direktorlar kengashi O‘zbekistonga 35 million dollar miqdorida imtiyozli kredit ajratishni ma’qullagandi. Mablag‘lar fuqarolar va xususiy sektorning geofazoviy ma’lumotlardan foydalanishini xalqaro standartlarga muvofiq takomillashtirish loyihasini amalga oshirishga yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston Jahon banki

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing