Jahon banki O‘zbekistonga 100 mln dollar qarz beradi
Jamiyat
−
14 iyun 2021
5111O‘zbekistonning Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlaridagi shaharlarda “O‘rta shaharlarni kompleks rivojlantirish” loyihasi doirasida munitsipal xizmatlari va infratuzilmani yaxshilash uchun Jahon banki direktorlar kengashi tomonidan 100 mln AQSH dollari ajratiladi. Bu haqda Jahon banki saytida xabar berilgan.
Ushbu mablag‘ O‘zbekiston hukumatiga juda past foizda va 30 yillik muddat bilan imtiyozli kredit shaklida berilmoqda.
Ushbu qo‘shimcha mablag‘ 2019 yildan beri Toshkent (Yangiyo‘l va Pskent), Buxoro (Kogon) va Namangan (Chortoq) viloyatlarida amalga oshirilayotgan Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan ushbu loyihaning geografiyasini kengaytiradi.
Ta’kidlanishicha, loyihada ishtirok etadigan shaharlarning yakuniy ro‘yxati mahalliy ehtiyojlar va iqtisodiy salohiyatdan kelib chiqqan holda viloyat va shahar hokimliklari bilan maslahatlashuvlar yakunlangandan so‘ng 6 oy ichida tasdiqlanadi.
Loyihada ishtirok etadigan o‘rta shaharlarda quyidagilar amalga oshirilishi rejalashtirilgan:
suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimini takomillashtirish va kengaytirish;
elektr infratuzilmasi va ko‘cha chiroqlarini modernizatsiya qilish, avtomobil yo‘llari, piyodalar va jamoat transporti zonalarini modernizatsiya qilish;
energiya tejaydigan zamonaviy jamoat binolarini modernizatsiya qilish;
jamoat joylari va bog‘lar, ko‘cha tarmoqlari va tegishli infratuzilmalarni rekonstruksiya qilish va madaniy meros ob’ektlarini qayta tiklash.
Xabarda loyiha qamrab olingan shaharlarning aksariyati foydalanilmagan o‘sish imkoniyatlariga egaligi ta’kidlangan.
Taxminan 4 million kishi yoki ikkala viloyat aholisining 70 foizga yaqini loyiha tomonidan yaratilgan shahar infratuzilmasi, kommunal xizmatlar va ish joylari imkoniyatlaridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita foyda ko‘rishlari kutilmoqda.
“Xitoy, Janubiy Koreya va Tailand singari ko‘pgina mamlakatlar urbanizatsiya jarayonidan rivojlanish dvigateli sifatida samarali foydalangan. Buning uchun O‘zbekiston shahar infratuzilmasi va xizmatlarini rivojlantirish hamda shaharlarni yanada jozibali va samarali qilish uchun jamoat joylarini modernizatsiya qilishi kerak”, degan Jahon bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli.
Unga ko‘ra, O‘zbekistonning o‘rta shaharlari jadal o‘sib bormoqda va xizmat ko‘rsatish sohasida yoshlarga ish o‘rinlari yaratish salohiyati mavjud.
LiveBarchasi