Jahon banki O‘zbekiston qishloq xo‘jaligiga 500 mln dollar kredit ajratdi
Jamiyat
−
11 avgust 2020
5575O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilishga 600 mln AQSH dollaridan ortiq mablag‘ ajratadi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan.
Qarorga muvofiq Jahon bankining Direktorlar kengashi tomonidan O‘zbekistonda “Qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasini (keyingi o‘rinlarda – Loyiha) moliyalashtirish uchun:
• 30 yil muddatga 10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln dollar miqdorida qarz;
• Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ko‘lamini kengaytirish dasturining 100 mln dollar miqdoridagi krediti;
• Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 5 yillik imtiyozli davr bilan 219 mln dollar miqdoridagi imtiyozli krediti ajratilmoqda.
Loyihaning umumiy qiymati 659,3 mln AQSH dollariga teng, ulardan O‘zbekiston ulushi – 159,3 mln AQSH dollarini, shu jumladan:
• soliq va bojxona to‘lovlari bo‘yicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni to‘lash shaklidagi ulush – 124,3 mln AQSH dollarini;
• loyiha ishtirokchilarining (benefitsiarlar) ulushi esa 35 mln AQSH dollari ekvivalentini tashkil etadi.
Moliya vazirligiga ajratiladigan mablag‘larni qayta kreditlash bitimlarini imzolash, zarur hollarda, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish vakolati berilmoqda.
Qishloq xo‘jaligi vazirligiga Loyihaning o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta’minlash, boshqarish va hisobotini yuritish yuklatilmoqda.
Shu bilan birga, Bosh vazir o‘rinbosari O‘. Barnoyev rahbarligida (J. Xodjayev – o‘rinbosar) Ishchi guruhi tasdiqlanib, unga Loyiha ijrosini muvofiqlashtirish, jalb qilinayotgan 500 mln dollar mablag‘ doirasidagi har bir loyihani asosliligi va maqsadga muvofiqligini o‘rganish yuklatilmoqda.
Loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilanmoqda:
• oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va “Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida mahsulot yetishtirish;
• eksportni rag‘batlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qo‘shilgan qiymatli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish;
• qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat tarmog‘ini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
• yer va suv resurslari, o‘rmon fondidan oqilona foydalanish;
• sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat ko‘rsatish servisini takomillashtirish;
• qishloq xo‘jaligida ilmiy-tadqiqot, ta’lim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;
• qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish, statistik ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish.
Hisob palatasiga Loyiha doirasidagi mablag‘larning maqsadli ajratilishi, sarflanishi va natijadorligi ustidan doimiy nazorat o‘rnatish hamda har yarim yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borish yuklatilmoqda.
LiveBarchasi