“Zenit” futbolchisini o‘g‘irlashga urinishdi

Sport

image

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahrida “Zenit” klubi futbolchisi, Rossiya terma jamoasi a’zosi Andrey Mostovoyni o‘g‘irlashga uringan to‘rt kishi Rossiya tergov qo‘mitasi tomonidan hibsga olindi. Bu haqda “Izvestiya” nashri xabar berdi.

Manbaga ko‘ra, joriy yilning 23 oktyabrga o‘tar kechasi Vyazovaya ko‘chasida to‘rt kishi 27 yoshli Mostovoyni o‘g‘irlashga uringan. Ular sportchiga hujum qilib, uni mikroavtobusga o‘tqazishga harakat qilishgan, biroq futbolchi o‘zini himoya qilib, voqea joyidan qochib qutulgan.

Oradan ikki kun o‘tib, 25 oktyabr kuni gumonlanuvchilar Krestovskiy orolidagi do‘konda tadbirkor Sergey Selegenga hujum qilib, uni mashinaga majburan o‘tqazishgan. Ayblanuvchilar jabrlanuvchini shahar bo‘ylab olib yurib, undan kriptovalyuta hamyoniga pul o‘tkazishni va oilasi bilan bog‘lanishni talab qilgan. Keyinchalik, huquq-tartibot idoralari aralashuvi natijasida Selegen ozod qilingan, to‘rt nafar gumonlanuvchi esa hibsga olingan.

Tergov ma’lumotiga ko‘ra, gumonlanuvchilar Selegenni 210 ming rubl o‘tkazishga majburlagan, shuningdek, undan 10 million rubl talab qilgan.

Sergey Selegen Sankt-Peterburgda faoliyat yurituvchi “Fizikani rivojlantirish” kompaniyasi rahbari bo‘lib, qurilish va ko‘chmas mulk sohasida bir nechta yirik loyihalarni amalga oshirgan. U Davlat Dumasi deputati Vyacheslav Makarovning kuyovi hisoblanadi. 

Ma’lumot uchun, Andrey Mostovoy 2019 yildan beri “Zenit” safida o‘ynab keladi. U jamoa bilan Rossiya chempionatining to‘rt karra g‘olibi, Rossiya kubogi va Superkubogining bir necha karra sohibi hisoblanadi. Futbolchi Rossiya terma jamoasi safida 20 ta o‘yin o‘tkazib, 3 ta gol urgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Zenit Andrey Mostovoy

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing