Zelenskiyning urush ramziga aylangan sviteri 111 ming AQSH dollariga sotildi
Olam
−
07 may 2022
8954Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning xaki rangidagi junli sviteri Londonda o‘tkazilgan “Christie” xayriya auksionida 90 000 funt sterlingga (111 ming AQSH dollariga) sotildi. Bu haqda “Telegraph” gazetasi xabar berdi.
Manbaga ko‘ra, sviterning boshlang‘ich narxi 50 000 funt sterling bo‘lgan. Ukraina Prezidenti Rossiya Ukrainaga hujum boshlagan 24 fevral kunidan buyon ushbu obrazda esda qolgan. U o‘shandan beri videobayonotlari va ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarida ushbu sviterda ko‘rinish bergan.
Qayd etilishicha, xayriya auksioni Buyuk Britaniya Bosh vaziri Boris Jonson tashabbusi bilan o‘tkazilgan. Vazir lotning boshlang‘ich bahosi 50 000 funt sterlingdan ancha yuqori bo‘lishini taklif qilgan va ishtirokchilarni “katta mablag‘ sarflashga” chaqirgan.
Auksionda Zelenskiyning xaki rangdagi sviteridan tashqari, boshqa lotlar ham sotuvga qo‘yilgan. Xususan, auksion kolleksionerlari xo‘roz tasviri tushirilgan ko‘zani ham sotib olishlari mumkin bo‘lgan. Ushbu ko‘za Bosh vazir Jonsonga Zelenskiy bilan Kiyevda sayr qilganida sovg‘a qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, auksiondan tushgan mablag‘lar Ukrainaga gumanitar yordam ko‘rsatish uchun sarflanadi.
Sardor Begalov
LiveBarchasi