Zelenskiyning G7 sammitidagi ishtiroki Ukraina uchun o‘zgarishlar olib keladi – Makron
Olam
−
20 may 2023
5707Fransiya Prezidenti Emmanuel Makronning fikricha, Ukraina yetakchisi Vladimir Zelenskiyning G7 sammitida qatnishish uchun Xirosimaga borishi mamlakat uchun yaxshi o‘zgarishlarga sabab bo‘loladi. Bu haqda u bugun, 20 may kuni Zelenskiy bilan sammit doirasidagi uchrashuv boshida aytib o‘tdi. Fransiya rahbari uchrashuvdan lavhalarni Twitter'da e’lon qildi.
“Menimcha, bu noyob imkoniyat: birinchi navbatda siz Ukrainani boshidanoq qo‘llab-quvvatlashini aniq bildirgan hamda o‘z mamlakatingiz va xalqingizni oxirigacha qo‘llab-quvvatlaydigan G7 mamlakatlari rahbarlari bilan gaplasha olasiz. Shuningdek, siz janubiy mamlakatlarning ko‘plab yetakchilari bilan suhbatlashish va vaziyatingizni tushuntirish, ularga o‘z fikringizni, qarashlaringizni yetkazish uchun noyob imkoniyatga ega bo‘lasiz.
Shuningdek, Makron sammitda shaxsan ishtirok etayotgani uchun Zelenskiyga minnatdorlik bildirib, undan oldin Arab Ligasi sammitiga uchib borish “yaxshi fikr” ekanini aytgan. Har ikki holatda ham Ukraina Prezidenti Fransiya hukumati samolyotida sayohat qilgan, bu samolyot Fransiyadagi ayrim siyosatchilar tomonidan tanqid qilinib, Makronni isrofgarchilikda va mojaro taraflaridan birini haddan tashqari qo‘llab-quvvatlashda ayblagan.
Bundan tashqari, G7 sammiti doirasida Zelenskiy Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi, Yevropa Kengashi rahbari Sharl Mishel va Germaniya kansleri Olaf Shols bilan ham uchrashuvlar o‘tkazgan.
Xususan, Modi bilan uchrashuvda u Ukrainaning ko‘chma shifoxonalarga bo‘lgan ehtiyojlari haqida gapirgan va Hindiston Bosh vaziriga Ukraina tinchlik formulasi tashabbusi haqida batafsil ma’lumot berib, Hindistonni uni amalga oshirishga qo‘shilishga taklif qilgan.
Sharl Mishel bilan muzokaralar davomida esa Yevropa Ittifoqining bir qator davlatlari tomonidan Ukraina qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish cheklovlari va ularni 5 iyundan keyin uzaytirishga yo‘l qo‘yilmasligi masalasiga alohida e’tibor qaratilgan.
Olaf Shols bilan uchrashuvda esa Zelenskiyning Germaniyaga tashrifining dastlabki natijalari muhokama qilingan. Ukraina rahbari Germaniyadan oladigan kuchli mudofaa yordami uchun minnatdorlik bildirgan va Ukraina tinchlik formulasi bandlarini amalga oshirish muhim ekani qayd etilgan. Shuningdek, yetakchilar G7 sammiti arafasida pozitsiyalar muvofiqlashtirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Zelenskiy Buyuk Britaniya Bosh vaziri Rishi Sunak va Italiya Bosh vaziri Jorjia Meloni bilan ham uchrashgandi.