Zelenskiyning “Eurovision 2023”da chiqish qilishi man qilindi
Olam
−
12 may 2023
9947“Eurovision 2023” musiqiy tanlovi tashkilotchilari Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyni finalda videomurojaat bilan chiqish va 160 million tomoshabinni Rossiya agressiyasiga qarshi Kiyevni qo‘llab-quvvatlashga chaqirish imkoniyatidan mahrum qildi. Bu haqda kecha, 11 may kuni Britaniyaning “The Times” gazetasi xabar berdi.
“Zelenskiyning “Eurovision” qo‘shiq tanlovida tomoshabinlar oldida chiqish so‘rovi maqtovga loyiq niyatlardan kelib chiqqan bo‘lsada, afsuski, uni Yevropa radioeshittirishlar ittifoqi (EBU) rahbariyati qanoatlantira olmaydi, chunki bu tanlov qoidalariga ziddir”, deyiladi EBU matbuot xizmati xabarida.
Musiqiy tanlov tashkilotchilari bu xalqaro ko‘ngilochar shou ekani, unda hech qanday siyosiy maqsadlar ko‘zlanmasligini eslatgan. Mazkur tamoyil esa tanlov doirasida siyosiy yoki shunga o‘xshash bayonotlar berishni taqiqlaydi.
Ta’kidlash joizki, bu yil “Eurovision” qo‘shiq tanlovini oldingi g‘olib Ukraina milliy jamoat teleradiokompaniyasi nomidan Britaniyaning BBC teleradiokompaniyasi Liverpulda o‘tkazmoqda. Shu bilan birga, BBC kompaniyasi Ukraina musiqasi, madaniyati va ijodi tadbirdan har uchala jonli efirda yorqin namoyon bo‘lishini kafolatlagan. Kamida 11 nafar ukrainalik san’atkorlar, jumladan, o‘tgan yilgi g‘oliblar Kalush orkestri yarim final va finalda chiqish qiladi yoki ishtirok etadi. Tadbir dizayni ham Ukraina dizayn agentligi bilan birgalikda ishlab chiqilgan. Shouda yangraydigan kompozitsiyalar ukrainalik musiqachilar bilan hamkorlikda yozilgan.
Bundan tashqari, Ukrainaning 37 joyidan olingan kadrlar san’atkorlarning sahnaga chiqishi oldidan qisqa videolarda taqdim etilgan.
“Biz bu Ukrainaning “Eurovision”dagi g‘alabasini namoyish qilish va nishonlashning eng yaxshi yo‘li, deb hisoblaymiz hamda musiqa bizni hozirgi og‘ir damlarda birlashtirib turishini ko‘rsatmoqda”, deydi Yevropa teleradioeshittirish ittifoqi.
Ukraina Prezidenti idorasi esa “The Times” ma’lumotlarini haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini ta’kidlamoqda.
“The Times” ma’lumotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Ukraina Prezidentining devoni “Eurovision” qo‘shiq tanlovi tashkilotchilariga Vladimir Zelenskiyning tanlovning final yoki boshqa bosqichida onlayn chiqish qilishi taklifi bilan murojaat qilgani yo‘q”, deb yozgan Ukraina Prezidenti Matbuot kotibi Sergey Nikiforov Facebook’dagi sahifasida.
Ma’lumot uchun, Zelenskiyning "Oskar" va "Toronto" xalqaro kinofestivalida ishtirok etish haqidagi iltimosi ham ikki marta rad etilgan.
LiveBarchasi