Zelenskiyga yaqin mulozim hibsga olindi
Olam
−
15:16 3481 2 daqiqa
Ukraina Oliy korrupsiyaga qarshi sudi Prezident ofisi rahbarining sobiq o‘rinbosari Irina Mudrayani 20 million grivna garov evaziga ozod qilish imkoniyati bilan 60 kunga hibsga oldi. Bu haqda RBK-Ukraina xabar berdi.
Qayd etilishicha, prokuror Mudrayani hibsga olishni, muqobil ravishda esa 150 million grivna miqdorida garov belgilashni so‘ragan. Biroq sud 20 million grivna miqdorida garov belgilagan.
Sudda Mudrayadan 20 million grivna miqdoridagi garovni to‘lash imkoniyati bor-yo‘qligi so‘ralgan. U o‘z mablag‘larining bir qismi borligini, shuningdek, tanishlari va do‘stlaridan yordam kutayotganini aytgan.
Ta’kidlanishicha, mazkur ish bo‘yicha sud majlisi joriy yilning 21 avgust kuni boshlangan va 24 hamda 25 avgust kunlari davom ettirilgan. Mudrayaning advokatlari gumonlanuvchining sog‘lig‘i yomonlashgani sababli sud jarayonini bir haftaga kechiktirishni so‘ragan. Sud bu iltimosni qisman qanoatlantirib, advokatlarning chiqishlarini 24 avgustga qoldirgan.
Birinchi sud majlisida Mudrayaning himoyachilari oilaviy hayotga oid shaxsiy ma’lumotlar oshkor qilinayotganini sabab qilib, sudni yopiq tartibda o‘tkazishni so‘ragan. Biroq Oliy korrupsiyaga qarshi sud bu iltimosni rad etgan.
Irina Mudraya nimada gumon qilinmoqda?
Joriy yilning 19 avgust kuni Ukraina Milliy korrupsiyaga qarshi byurosi va Ixtisoslashtirilgan korrupsiyaga qarshi prokuratura yirik korrupsiyaga qarshi qaratilgan “Forrest Gamp“ maxsus operatsiyasi doirasida Mudrayaga gumon e’lon qilgan.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gap Prezident ofisining yuqori martabali amaldorlari, amaldagi va sobiq xalq deputatlari hamda davlat banki rahbarlari orasidagi jinoiy guruh haqida bormoqda.
Huquq-tartibot idoralarining ma’lum qilishicha, guruh 150 million grivna miqdoridagi naqd pulni legallashtirishni tashkil qilgan. Ushbu mablag‘lar soxta kompaniyalar orqali “Midas“ ishi bo‘yicha jinoiy tashkilot a’zolaridan birining garovi uchun to‘lov qilish maqsadida hisob raqamlariga kiritilgan.
Oshkor qilingan suhbat yozuvlarida “German” nomi tilga olingan. Mablag‘ miqdori esa “Midas” ishi doirasida sobiq energetika vaziri German Galushenkoga belgilangan garov puli bilan mos keladi.
Shuningdek, 19 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Irina Mudrayani Prezident ofisi rahbari o‘rinbosari lavozimidan ozod etish haqidagi farmonni imzolagan.
Prezident ofisida Mudraya, xususan, sud-huquq tizimi, huquqiy siyosat va xalqaro sudlar bilan hamkorlik ishlarini muvofiqlashtirish uchun mas’ul bo‘lgan.
Vladimir Zelenskiy mazkur ishga izoh berar ekan, voqea tafsilotlarini jamiyat bilan birga bilganini aytgan. Biroq oshkor qilingan faktlar zudlik bilan qaror qabul qilish uchun yetarli bo‘lganini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kiyev shahar sudi Vladimir Zelenskiy idorasining sobiq rahbari Andrey Yermakni 140 million grivna (taxminan 3,1 million dollar) garov evaziga ozod qilish imkoniyati bilan 60 sutkalik qamoq jazosiga hukm qilgandi.
Live
Barchasi