Zelenskiy Yevropa yetakchilari bilan uchrashish uchun Granadaga bordi

Olam

image

Bugun, 5 oktyabr kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammitida ishtirok etish uchun Ispaniyaga bordi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqlardagi sahifasida ma’lum qildi.

“Granada, Ispaniya. Yevropa siyosiy hamjamiyatining sammiti. Ukraina boshqa davlatlar qatori qit’ada xavfsizlik va barqarorlik uchun bizning umumiy Yevropa uyimizda ishtirok etadi”, deb yozdi Zelenskiy o‘z sahifalarida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, sammit doirasida umumiy formatlarda ishlash va muhim ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

“Biz uchun, ayniqsa qish oldidan, havo mudofaasini kuchaytirish muhim. Shu bois hamkorlar bilan yangi kelishuvlarga erishish uchun asos bor. Biz ularni tasdiqlash va amalga oshirishga tayyorlanyapmiz”, deydi Zelenskiy.

Uning aytishicha, yana bir muhim mavzu – Yevropada mavjud xavfsizlik arxitekturasini mustahkamlash.

“Biz hamkorlar bilan Yevropa xavfsizlik arxitekturasini, xususan, mintaqaviy xavfsizlikni kuchaytirish ustida ishlayapmiz. Ukrainaning bu borada jiddiy takliflari bor. Biz Qora dengiz mintaqasiga, shuningdek, global oziq-ovqat xavfsizligi va navigatsiya erkinligini mustahkamlash bo‘yicha birgalikdagi sa’y-harakatlarimizga alohida e’tibor qaratamiz. Bu kun Ukraina va butun Yevropa uchun samarali bo‘lishi kerak”, deya xulosa qilgan Prezident.

Ma’lumot uchun, Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel YeIga a’zo davlatlar rahbarlariga 6 oktyabr kuni Granadada bo‘ladigan norasmiy uchrashuvga taklifnoma yuborgan edi. Sammitda YeI oldida turgan dolzarb masalalarni muhokama qilish, shuningdek, ittifoqning kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Yig‘ilishdan 2024-2029 yillarga mo‘ljallangan strategik kun tartibi taqdimoti ham o‘rin olgan.

Eslatib o‘tamiz, mazkur sammit doirasida Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyanning ham muzokaralari bo‘lishi kerak edi. Biroq kecha, 4 oktyabr kuni  Ilhom Aliyev Ispaniyaga tashrif buyurishdan bosh tortdi. Bunga Fransiyaning buzg‘unchi pozitsiyasi, shuningdek, Parij va Berlinning Turkiyaning uchrashuvdagi ishtiroki bo‘yicha kelishmovchiligi sabab bo‘ldi. Nikol Pashinyan esa Ozarbayjon Prezidenti uchrashuv o‘tkazishdan bosh tortganiga qaramay, Ispaniyaning Granada shahriga boradi.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy Ispaniya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing