Dahanaki jang. Ko‘rarga ko‘zi, otarga o‘qi yo‘q Lavrov va Zelenskiy bir stolda to‘qnash keldi
Olam
−
21 Sentabr 2023
34728Kecha, 20 sentyabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida Ukraina atrofidagi vaziyat bo‘yicha Xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir bahs-munozaralarga boy bo‘ldi. Chunki unda Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nutq so‘zladi. Yig‘ilish BMTning rasmiy veb-saytida translyatsiya qilindi.
Xavfsizlik Kengashi yig‘ilishi boshida Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya xalqaro tashkilot bosh kotibi Antoniu Guterrishdan keyin birinchi bo‘lib Vladimir Zelenskiy nutq so‘zlashiga qarshi chiqdi. Rossiyalik diplomat Xavfsizlik kengashi yig‘ilishiga raislik qilayotgan Albaniya Bosh vaziri Edi Ramaga Ukraina Xavfsizlik Kengashiga a’zo emasligi, Zelenskiy oldin gapirish uchun bu huquqqa ega bo‘lishi kerakligini eslatdi. Nebenzya Shimoliy Makedoniya vakilining uchrashuvda ishtirok etishiga ham qarshi chiqdi.
Rossiyaning doimiy vakili, agar uchrashuv shu formatda davom etsa, Albaniyaning BMT Xavfsizlik Kengashidagi raisligiga dog‘ tushishini ta’kidlagan.
“Bugungi uchrashuv spektakldan boshqa narsa emasligi hammaga ayon”, degan Nebenzya.
Shuningdek, u Albaniya Bosh vazirini bitta delegatsiyaning roziligi uchun harakat qilganlikda aybladi.
Rama esa Moskvaning e’tirozlarini rad etgan hamda nutqlar tartibi oldindan kelishilgani va tartib buzilmaganini aytib o‘tgan.
“Agar siz rozi bo‘lsangiz, shunday yechim bor: siz urushni to‘xtatasiz va Prezident Zelenskiy umuman gapirmaydi”, degan Xavfsizlik kengashi yig‘ilishiga raislik qilayotgan Albaniya Bosh vaziri.
Bahsdan so‘ng yig‘ilish davom etdi. Guterrishdan keyin so‘z ukrain tilida gapirgan Zelenskiyga berildi. U BMT boshi berk ko‘chaga kirib qolgani va insoniyat endi unga umid bog‘lay olmasligini aytdi.
Shu munosabat bilan siyosatchi tashkilot doirasida veto huquqini isloh qilishga chaqirdi hamda Yaponiya, Germaniya, Hindiston va Afrika davlatlariga BMT Xavfsizlik Kengashiga doimiy a’zolik berishni taklif qildi. Shuningdek, u BMT Nizomini buzgan va boshqa davlatlarga nisbatan tajovuzkor harakatlarni amalga oshirgan mamlakatlarning a’zoligini to‘xtatishni taklif qildi.
Uning fikricha, Bosh Assambleyaga Xavfsizlik Kengashi doimiy a’zolarining veto qo‘yish huquqini bekor qilish kerak.
“Veto BMT Bosh Assambleyasida vakillik qilgan mamlakatlarning uchdan ikki qismi ovozi bilan yengib o‘tilishi kerak. Bosh Assambleyaning bunday rezolyutsiyasi barcha a’zo davlatlar tomonidan bajarilishi uchun majburiy bo‘lishi kerak", dedi Zelenskiy.
Bundan tashqari, Zelenskiy Ukrainadagi mojaroga barham berish bo‘yicha ikki banddan iborat tinchlik rejasini e’lon qildi. Bu rejaga quyidagilar kiradi:
- barcha rus qo‘shinlari va harbiy tuzilmalarini, shu jumladan Qora dengiz flotini 1991 yil chegaralari doirasida Ukrainaning butun hududidan to‘liq olib chiqish;
- Ukrainaga butun davlat chegarasi hamda Qora va Azov dengizlaridagi, shuningdek Kerch bo‘g‘ozidagi eksklyuziv iqtisodiy zona ustidan nazoratni to‘liq qaytarish.
“Ushbu ikki bandning amalga oshirilishigina halol, ishonchli va to‘liq harbiy harakatlarni to‘xtatishga olib keladi”, deb ta’kidladi Prezident.
Zelenskiy o‘z nutqini “Ukrainaga shon-sharaf” iborasi bilan yakunladi. Undan keyin Albaniya Bosh vaziri so‘zga chiqdi. Ramaning nutqi yakuniga yetgach, Zelenskiy Lavrovning nutqini kutmasdan BMT Xavfsizlik kengashi zalini tark etdi.
Rossiya Tashqi ishlar vaziri 12-bo‘lib nutq so‘zlagan. U Rossiya muzokaralardan bosh tortmaganini bildirib, tinchlik jarayonini boshlash taklifi bilan AQSH Davlat kotibi Entoni Blinkenga murojaat qilgan.
“Muhtaram Davlat kotibiga eslatib o‘tmoqchimanki, aynan Prezident Zelenskiy [Vladimir] Putin hukumati bilan muzokaralar o‘tkazishni taqiqlovchi farmonni imzolagan. Agar Qo‘shma Shtatlar muzokaralarga juda qiziqsa, menimcha, Zelenskiyning ushbu farmonini bekor qilish haqida buyruq berish qiyin bo‘lmaydi”, degan Lavrov.
Bundan tashqari, u G‘arbni “Ukrainaning qulashi va u yerda fuqarolar urushi boshlanishiga” olib kelgan Minsk kelishuvlarini buzishda ayblagan. Vazirning qayd etishicha, agar NATO Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotining hamkorlik bo‘yicha takliflarini rad qilmaganida, bu Yevropadagi mavjud inqirozning oldini olishga imkon bergan bo‘lardi.
Rossiya vazirining nutqida Blinkendan tashqari Ukrainaning BMTdagi doimiy vakili Sergey Kislitsa ham ishtirok etdi.
LiveBarchasi