Kurs UZS

USD

12 938.11

18.11

EUR

14 076.66

-25.52

RUB

149.99

0.47

Zelenskiy o‘ziga uyushtirilgan suiqasd tafsilotlarini ochiqladi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan boshlangan mojaroning dastlabki kunlarida o‘ziga uyushtirilgan suiqasd tafsilotlarini ochiqlab, idorasida bir necha kishi halok bo‘lganini aytdi. Bu haqda u “The Guardian” nashriga bergan intervyusida so‘z ochdi.

“Bizni o‘ldirmoqchi bo‘lgan odamlar bor edi. O‘qotar quroldan o‘t ochildi va ba’zi odamlar aynan shu yerda, bizning idoramizda halok bo‘ldi. Boshqa odamlar esa bizni himoya qildi. Desant qo‘shini tushirilgan edi”, dedi u.

Zelenskiyga ko‘ra, unga turli odamlar bosim o‘tkazib, Ukrainani tark etishga undagan va “ertaga mamlakat bosib olinadi, qochish kerak” mazmunidagi gaplar aytgan.

Ma’lumot o‘rnida, 2023 yil noyabr oyida Zelenskiy “The Sun” nashriga bergan intervyusida ham Rossiyaning harbiy harakatlari boshlanganidan beri unga kamida besh-olti marotaba suiqasd uyushtirilganini aytgan.

O‘sha yilning yanvar oyida “The Independent” gazetasi amerikalik jurnalist va publitsist Kris Uippilning “Uning hayot uchun kurashi: Bayden Oq uyining devorlari ichida” nomli kitobidan parchalar e’lon qilgan edi. Uippilning yozishicha, harbiy harakatlar boshlanishidan oldin Markaziy razvedka boshqarmasining (CIA) sobiq direktori Uilyam Byorns Kiyevga borib, Zelenskiyni suiqasd tahdidi haqida ogohlantirgan. Muallifning ta’kidlashicha, Byorns taqdim etgan razvedka ma’lumotlari tufayli kamida ikkita suiqasdni oldini olishga muvaffaq bo‘lingan.

2024 yil may oyida Ukraina kontrrazvedkasi va Xavfsizlik xizmati (SBU) Davlat qo‘riqlash boshqarmasining (UGO) ikkita polkovnigini qo‘lga oldi. Ukraina huquq-tartibot idoralarining versiyasiga ko‘ra, bu polkovniklar Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (FSB) uchun ishlagan va Ukraina rahbariyatiga, jumladan, Zelenskiy, Bosh razvedka boshqarmasi (GUR) rahbari Kirill Budanov va SBU rahbari Vasiliy Malyukka qarshi suiqasd tayyorlashda qatnashgan. Idora ma’lumotlariga ko‘ra, suiqasdni amalga oshiruvchi sifatida Zelenskiy xavfsizligiga yaqin harbiylar orasidan odam qidirilgan. Ulardan Prezidentni garovga olib, keyin uni o‘ldirish talab qilingan.

“The Times” nashrining yozishicha, qo‘lga olingan polkovniklardan biri urushning dastlabki kunlarida o‘z bo‘ysunuvchilariga Rossiya qo‘shinlari kelgan taqdirda qurolni tashlashni buyurgan. UGO rahbari Sergey Rud esa ikki xodimi hibsga olinganidan so‘ng lavozimidan ozod etilgan.

SBU polkovniklarning qo‘lga olingani haqidagi bayonotini izohlar ekan, Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Ukraina maxsus xizmatlarining bu ma’lumotlarini “ishonchli” deb qabul qilib bo‘lmasligini aytgan. Rossiya rasmiylari Kiyevning Zelenskiyga qarshi suiqasd rejasi borligi haqidagi bayonotlarini bir necha bor rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2024 yil aprel oyida Polshada Vladimir Zelenskiyga suiqasd uyushtirishda gumon qilingan shaxs qo‘lga olingandi. Polsha fuqarosi Pavel K. Rossiya harbiy razvedkasiga ma’lumot uzatishda va Rossiya maxsus kuchlariga Zelenskiyga ehtimoliy suiqasdni rejalashtirishda yordam berishda ayblangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Vladimir Zelenskiy suiqasd

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing