Zelenskiy urushni to‘xtatishga tayyor – OAV

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan tinchlik bitimini AQSH Prezidenti Donald Tramp istagan joyda, jumladan, Oq uy yoki Floridadagi Mar-a-Lago qarorgohida imzolashga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda u amerikalik konservativ sharhlovchi Laura Lumerga bergan intervyusida so‘z ochdi.

Zelenskiyning aytishicha, asosiy masala bitim qayerda imzolanishi emas, balki unga qachon erishilishidir. U Ukraina uchun eng muhim vazifa fuqarolar hayotini saqlab qolish ekanini ta’kidlab, urush yana o‘nlab yillar davom etishidan ko‘ra, uni tezroq yakunlash afzal ekanini qayd etgan.

Ma’lum qilinishicha, Kiyev va Vashington ayni paytda urushni tugatishga qaratilgan diplomatik sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda. Zelenskiy Trampning maxsus vakillari Stiv Uitkoff va Jared Kushner bilan muzokaralar o‘tkazgan. Tomonlar Rossiyaga taqdim etilishi mumkin bo‘lgan yangi takliflar, jumladan havo hududida o‘t ochishni to‘xtatish masalasini ham muhokama qilgan.

Shuningdek, Zelenskiy 2025 yil aprel oyida Vatikanda Donald Tramp bilan bo‘lib o‘tgan shaxsiy uchrashuv ularning munosabatlarida burilish nuqtasi bo‘lganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha suhbatdan keyin tomonlar o‘rtasidagi taranglik kamaygan.

Ayni vaqtda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov AQSHni 2025 yil avgust oyida Alyaskaning Ankorij shahrida o‘tgan sammitdagi ayrim majburiyatlarini bajarmaganlikda ayblamoqda. AQSH Davlat kotibi Marko Rubio esa Ankorijda muhokama qilingan hududiy takliflar Ukraina tomonidan rad etilgani sababli muvaffaqiyatsiz bo‘lganini va endi tinchlikka erishish uchun yangi takliflar ishlab chiqilishi kerakligini bildirgan.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 8 iyul kuni Turkiyaning Anqara shahrida o‘tgan NATO sammiti doirasida Donald Tramp va Vladimir Zelenskiy uchrashgandi. O‘shanda Tramp Ukrainadagi urushni tugatish oson emasligini, biroq muzokaralarda sezilarli siljish borligini aytib, Putin va Zelenskiy mojaroni yakunlashni istayotganini bildirgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing