Zelenskiy urushni tugatishga tayyor – “Bloomberg”

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan muzokaralar shartlarini muhokama qilish va urushni tugatishga tayyor. Bu haqda Ukraina Prezidenti va G‘arb davlatlari rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni bilan tanish bo‘lgan bir nechta amaldorga tayanib, “Bloomberg” xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Zelenskiy tomonidan taklif etilgan g‘alaba rejasi Vashingtonda sovuq qarshilangan. Amerika rasmiylari Kiyevni kelgusi yil uchun zarur bo‘lgan harbiy texnika, sanoat rivojlanishi va moliyaviy yordamni o‘z ichiga olgan yo‘l xaritasini tuzishga chaqirgan. Ukraina Prezidenti o‘z yordamchilarini rejaning tafsilotlarini ishlab chiqish uchun Vashingtonga jo‘natgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Kiyevning g‘arb ittifoqchilari urushni tugatish rejasini ishlab chiqish uchun bosimni kuchaytirgan. Yuqori lavozimli amaldorga ko‘ra, Kiyev hali o‘z rejasi tafsilotlarini to‘liq ochmagan bo‘lsa-da, Ukraina amaldorlari strategik noaniqlik elementidan foydalanib, keyingi harakatlar uchun maydon yaratishi mumkin.

NATOga kirish bo‘yicha muzokaralar bilan tanish boshqa bir manbaning so‘zlariga ko‘ra, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralar davomida AQSHning ishonchli ikki tomonlama xavfsizlik kafolatlari Kiyev uchun amalda NATOga a’zo bo‘lishni anglatadi. Shu bilan birga, u Moskva Ukraina NATOga kirishiga qat’iy qarshi ekanini aytib, barcha tomonlarni muzokara stoliga o‘tkazish uchun qanday formula ishlashi noma’lumligini qo‘shimcha qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Ukraina Prezidenti tomonidan taklif etilgan “tinchlik formulasi” 1991 yil chegaralariga qaytishni va Rossiyaning bosib olingan hududlardan qo‘shinlarini olib chiqishni talab qiladi.

Ma’lumot uchun, Vladimir Putin iyun oyida o‘zining mojaroni tugatish rejasini taqdim etgan. U Ukraina Qurolli kuchlarining Rossiya tomonidan bosib olingan hududlardan chiqib ketishini, Kiyevning bu hududlar va Qrim ustidan nazoratni yo‘qotganini tan olishini, Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lmaslikka va yadrosiz davlat maqomini mustahkamlashga rozi bo‘lishini, shuningdek, Rossiyaga nisbatan G‘arb sanksiyalarining bekor qilinishini o‘z ichiga oladi. Kiyev bu rejani qabul qilib bo‘lmaydigan deb hisoblab, uni darhol rad etgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq G‘arb va Kiyev Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishi uchun yer almashishni muhokama qilayotgani xabar qilingan edi. Unga ko‘ra, G‘arb diplomatlari va Ukrainadagi rasmiylar Rossiyaning Ukrainadagi harbiy agressiyasini to‘xtatish uchun Ukraina hududlari ustidan nazoratni saqlab qolish sxemasi bo‘lishi haqida bir fikrga kelmoqda. 


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya urush Zelenskiy “Bloomberg”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made