Zelenskiy Ukrainada “rashizm” atamasini qonuniylashtirdi

Olam

image

Kecha, 29 avgust kuni Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy “rashizm” ta’rifini rasman mustahkamlaydigan “Ukraina xalqining milliy xotirasi davlat siyosati asoslari to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.

“Bu milliy o‘zlikni muhofaza qilish va rivojlantirish to‘g‘risidagi asosiy qonun bo‘lib, uni mamlakatning avvalgi prezidentlari imzolashni istamagan, bajara olmagan, yoki jur’at eta olmagan”, deb yozdi Prezident devoni rahbari o‘rinbosari Irina Vereshchuk ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida.

Oliy Rada mazkur qonunni 21 avgust kuni ma’qullagan. Ukrainaning “Sud-huquq gazetasi”ning xabar qilishicha, hujjatda tarixiy xotirani saqlash bo‘yicha davlat siyosatining asosiy tamoyillari mustahkamlangan va u milliy xavfsizlikning tarkibiy qismi sifatida belgilangan.

Qonun birinchi marta davlat darajasida “Ukraina mustaqilligi uchun urush”, “Ukrainaga qarshi tarixiy tashviqot” va “Ukraina xalqiga qarshi jinoyatlar” kabi tushunchalarni belgilaydi. 

Shuningdek, ushbu hujjatda “rashizm” tushunchasiga “bosqinchi davlatda shakllangan rus fashist totalitar rejimi negizida yotgan, rus shovinizmi va imperializmi an’analariga, kommunistik va milliy sotsialistik (natsist) totalitar tuzumlar amaliyotiga asoslangan totalitar mafkura va amaliyot turi” sifatida ham ta’rif berilgan.

2023 yil may oyida Ukraina Oliy Radasi “Rossiya Federatsiyasi siyosiy rejimi tomonidan rashizm mafkurasidan foydalanish, rashizm tamoyillari va amaliyotini totalitar va misantropik deb qoralash to‘g‘risida” bayonot qabul qildi. Bayonotda Ukraina parlamenti BMT, Yevroparlament, Yevropa Kengashi Parlament Assambleyasi, YeXHT Parlament Assambleyasi, NATO Parlament Assambleyasi, shuningdek, boshqa mamlakatlar hukumatlari va parlamentlariga “rashizm mafkurasi, siyosati va amaliyotini qoralashni” qo‘llab-quvvatlashga chaqirgan.


Maqola muallifi

Teglar

Ukraina Vladimir Zelenskiy rashizm

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing